Jumboqli janoza, Gruziyada tinmayotgan namoyishlar, O‘zbekistonga kelayotgan Putin – Hafta tahlili
Tahlil
−
25 may
24841“O‘lgani yaxshi bo‘ldi. Endi Eron xalqi ham, dunyo ham yanada yaxshiroq kun ko‘radi”. Bu AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenning Eron Prezidenti Ibrohim Raisiyning vafotiga nisbatan bildirgan munosabati. Yaxshimi yo yomon, Eron Prezidenti vafot etdi va u vafoti bilan ham tarixga kirdi. U qabrga qo‘yilgan kundanoq o‘nlab filmlar, ilmiy ishlar, jurnalistik materiallarning asosiy mavzusiga aylandi. Fojianing asl sabablari ochilsa ham, ochilmasa ham marhumning fojiaviy vafotiga nisbatan munosabat o‘zgarmaydi, buzuq vertolyot bo‘lsin yoki nobop ob-havo, yoxud yanada yaqinrog‘i shafqatsiz siyosatning qurboni bo‘lgani haqida gapirildi, hali ko‘p gapiriladi. QALAMPIR.UZ’da haftaning eng muhim voqealari va asrimizning eng muhim janozasini jamlagan Hafta voqealari tahlili.
Ibrohim Raisiy vafoti va u qanday ro‘y berdi
Hafta davomida eshitaverib quloqlaringiz qomatga kelgan bo‘lsa-da, yana bir bor Ibrohim Raisiy vafoti va u qanday ro‘y berganiga to‘xtalib, uning mayda detallarigacha sinchiklab o‘rganib chiqsak. Zotan, Eron xalqi tosh ko‘mgani yo‘q, butun boshli Prezident, kerak bo‘lsa mamlakatning kelajakdagi oliy diniy rahbari sifatida ko‘riladigan shaxs vafot etdi.
19 may kuni Eronning Sharqiy Ozarbayjon viloyatida Eron Prezidenti o‘tirgan vertolyot halokatga uchradi. Qurbonlar orasida Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon, Sharqiy Ozarbayjon viloyati hokimi Malik Rahmati va Tabriz shahrining imomi Muhammad Ali Ale Hoshem ham bo‘lgan.
Qo‘ynidan to‘kilsa, qo‘njiga deganlaridek, shoh o‘ldi, yashasin yangi shoh! Eronning amaldagi vitse-prezidenti Muhammad Moxber vaqtinchalik Eron Prezidenti bo‘ldi. Eron Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ali Bageri Kani vazir lavozimini egalladi. Eron oliy diniy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy Prezident Ibrohim Raisiy va uning hamrohlari vertolyot halokatida vafot etgani munosabati bilan 5 kunlik motam e’lon qildi. Marhumlar bilan vidolashuv marosimi 21 may kuni Tabriz shahrida bo‘lib o‘tdi. Navbatdan tashqari saylov joriy yilning 28 iyuniga belgilandi.
Bir qator mamlakatlar Raisiy uchun aza tutdi. Pokiston, Livan, Suriya va Iroq kabi mamlakatlar bor. Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohi va Jenevadagi ofisida BMT bayrog‘i yarmiga tushirildi. Bu esa amerikalik siyosatchilarning g‘azabini qo‘zitgandan qo‘zitdi. Bunga birozdan keyin to‘xtalamiz.
Raisiy sirli o‘limining asosiy tafsilotlari
Endi Raisiyning sirli o‘limi asosiy tafsilotlariga kelsak. Eron rasmiylari tomonidan bildirilishicha, Ibrohim Raisiy bo‘lgan vertolyot “qiyin qo‘nishni” amalga oshirishi oqibatida halokatga uchragan.
Dastlab mahalliy OAV Ibrohim Raisiyning halokatga uchragan vertolyoti 2 soat o‘tib ham topilmaganini e’lon qildi. Xabarlarga ko‘ra, vertolyot qulagan joyni axtarishga bir necha soat ketgan.
Oradan vaqt o‘tib, mahalliy OAV vertolyot Varzegan umumiy hududida halokatga uchragani va voqea joyiga Sharqiy Ozarbayjon, Ardabil va Zanjon viloyatlarining tezkor javob guruhlari yetib borganini ma’lum qildi. Shuningdek, Iroq 20 kishidan iborat 4 qutqaruv guruhi, Turkiya 32 nafar qutqaruvchi va 6 ta maxsus texnika, Rossiya 2 ta vertolyot va 50 nafar qutqaruvchini Eron Prezidenti Ibrohim Raisiyni qidirishga yordam berish uchun yuborgan. Shuncha yordamni olgan Eron esa oxir-oqibat “hech kim yordam bermadi, o‘zimiz topdik”, degandek gap bilan chiqdi. Bunga ham to‘xtalamiz. Shoshmay turing. Ha, darvoqe, yordam berish taklifi bilan chiqqanlar orasida O‘zbekiston ham bor. Toshkent yordam yubormadi, faqat ko‘ngil so‘rab, taklif bildirdi, xolos.
Hali jasadlar topilmay, ey yo‘g‘-ey Prezidentning tirigi yo o‘ligi jamoatchilikka ma’lum bo‘lmay turib, Eronning oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy favqulodda vaziyatdan keyingi birinchi bayonotini berib, Eron xalqiga xavotir olmaslikni aytib, mamlakat hukumati faoliyatida hech qanday to‘xtalishlar bo‘lmasligini bildirdi.
20 may. Kunning birinchi yarmida Prezident Raisiy va uning safdoshlari jon bergani rasman e’lon qilindi.Eronga ta’ziya bildirganlar orasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham bor.U Eron Oliy diniy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyga hamdardlik maktubini yo‘lladi va 21 may kuni Eronning Toshkentdagi elchixonasiga borib, hamdardlik qaydini qoldirdi.
Raisiyning jasadini kim topdi? Turkiyami yoki Eron?
Ana endi kelaylik Eronning Raisiyning o‘ligini o‘zimiz topdik, degan bayonotiga. Gap shundaki, turk matbuoti Raisiy va boshqalarning jasadini Turkiyada Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning kuyovi Selchuk Bayroqdor boshchiligida ishlab chiqarilgan Akıncı dronlari yordamida topilgani haqida voqea ro‘y bergan joydan bong urdi. Kuyov bo‘lmish ham buni tasdiqlab, “CNN Türk” telekanaliga g‘oz turib intervyu berdi.
Kuyov Bayroqdorga ko‘ra, qidiruv ishlari o‘ta noqulay ob-havo sharoitida, ba’zan shamol tezligi 160 km/soatga yetgan vaziyatda o‘tkazilgan. Shunga qaramay, dron suratga olish va Turkiya Qurolli kuchlari qo‘mondonligi va Eron rasmiylariga yetkazish uchun taxminan 100 metr balandlikkacha pastlay olgan.
Prezident Erdo‘g‘an esa Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidan so‘ng xalqqa murojaat qilib, Akıncı’ning 7 yarim soat davomida qidiruv faoliyatida qatnashganini, jami 2,1 ming km masofani bosib o‘tganini aytdi.
Ammo Eron tomoni buni tan olmadi. Eron Islom Respublikasi Bosh shtabi tomonidan e’lon qilingan bayonotda aytilishicha, Raisiy o‘tirgan vertolyot qulagan joyni turk dronlari emas, balki Eron dronlari aniqlaganmish.
Qayd etilishicha, dastlab turklar tomonidan halokat sodir bo‘lgan hududga jo‘natilgan uchuvchisiz samolyot bulutlar tufayli yerni aniqlash uchun zarur asbob-uskunalar yo‘qligi sababli vertolyot qulagan joyning koordinatalarini to‘g‘ri xabar qila olmagan va nihoyat Turkiyaga qaytgan.
Xo‘sh, kimga ishonish kerak? Raisiyni topdim deb aytayotgan va yordamga zudlik bilan yetib borgan Turkiyagami yoki Erongami?
Raisiy o‘limi haqida AQSH va Rossiya nima deydi?
Xo‘sh, boya gap boshlagandim, chala qoldi. Navbat keldi Blinken akamizga!
20 may kuni AQSH Davlat departamenti matbuot kotibi Mettyu Miller odatiy matbuot anjumanida Vashington Prezident Raisiy va uning hamrohlari vafoti munosabati bilan Eronga rasmiy hamdardlik bildirishini aytdi. Ana endi ko‘ring tomoshani. Hammasi shundan keyin boshlandi. 21 may kuni Kongress Senatining Tashqi aloqalar qo‘mitasidagi tinglovga borgan Entoni Blinkenni senatorlar qosh-qovoq qilib kutib oldi.
Senator Ted Kruz Davlat departamenti Raisiy vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirganiga e’tiroz bildirdi. Blinken esa o‘ziga so‘z tegishi bilanoq AQSH Eron Prezidenti uchun aza ochmasligini aytishga ulgurdi.
Kruz ayni paytda Raisiyning vafoti munosabati bilan BMTning Jenevadagi shtab-kvartirasidagi bayroqlar motam belgisi sifatida yarmiga tushirilganini sharmandalik deb atadi. U Blinkendan Raisiyning o‘limidan so‘ng dunyo yaxshiroq bo‘lishiga ishonasizmi, deb so‘radi.
“Uning Prezident sifatidagi dahshatli xatti-harakatlari va ularda endi ishtirok eta olmasligini inobatga olsak, ha. Eron xalqi, ehtimol, yaxshiroq ahvoldadir”, deb javob bergan AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken.
O‘z navbatida, senator Jon Barrasso (Vayoming shtatidan respublikachi) ham Davlat departamentini hamdardlik bildirgani uchun tanqid qilib, qarorni hayratlanarli deb atadi va uni “dahshatli xato” deb ta’rifladi.
“Biz rasmiy hamdardlik bildirdik, biz buni davlatlar, ular bizga qarshi yo yo‘q, dushmanmi yoki aksi, yetakchilarini yo‘qotganda qilamiz”, deb javob bergan Blinken.
Har balodan xabardor va u munosabat bildirmaydigan hech narsa qolmaydigan Rossiya Prezidenti Matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Blinkenning Raisiyning o‘limidan mamnuniyat bildirgan bayonotiga javob qildi. Uning aytishicha, Blinken bu gapni o‘ziga ep ko‘rganiga ishonish qiyin, bu noqulay va g‘alati bayonot.
Bu orada esa dunyoning ko‘plab siyosatchilari Raisiyning vafotiga sabab bo‘lgan fojiani tekshirishga chaqirdi. Ular orasida Turkiyadan “Millatchi Harakat” partiyasi raisi Davlat Bog‘chali ham bor. Aga-a-a-a-r, Raisiyning o‘ligini bizning kuyov chiqargan dron topmagan bo‘lsa, qani bir BMT tekshiruv o‘tkazsin-chi, degandek, BMTdan tergov o‘tkazish uchun mustaqil komissiya yig‘ishni so‘radi.
“Vertolyotning qulashi oqibatida Eron Prezidenti va bortdagilar halok bo‘ldi. Bu baxtsiz hodisami yoki sabotajmi, bilmayman, lekin mintaqa tinchligi uchun imkon qadar tezroq haqiqat oshkor etilishi shart”, deydi Davlat Bog‘chali.
Qatorga Vladimir Putin ham qo‘shildi. U Raisiy halok bo‘lgan samolyot halokatini tergov qilishda yordam berishga tayyorligiga ishontirdi. Putin Raisiyning vafotidan chuqur qayg‘uga tushganini ifoda etsa ham, buni katta yo‘qotish deb bilsa ham, ta’ziyaga ham, dafn marosimiga ham bormadi. Mamlakat nomidan Rossiya davlat rahbari Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin bordi. O‘zbekiston nomidan esa Oliy Majlis qonunchilik palatasi raisi Nurdinjon Ismoilov boshchiligidagi delegatsiya qatnashdi.
Marosimda 10 ta davlatning Prezident va Bosh vazirlari, 20 ta davlatning vazirlari ishtirok etdi. Yana 20 ga yaqin davlat parlament spikeri yoki maxsus vakillar darajasida rasmiylar marosimda qatnashdi. Prezidentlar qatorida Markaziy Osiyodan Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon ham bor. U Raisiy bilan qanchalik yaqin bo‘lgani yoki Tojikiston-Eron munosabatlari haqida bir narsa deyish qiyinu lekin biz bilan Imomali Rahmon hatto uzoq yillar ola qarash qilib yurgan odamlarining ham janozasidan qolmaydi. Yaqqol misol O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimovning vafoti.
Ey, to‘xtang! Gap bilan bo‘lib “Tolibon” va HAMASni unutibman. Dafn marosimida qatnashish uchun Tehronga “Tolibon” muvaqqat Hukumati bosh vaziri o‘rinbosari Abdul G‘ani Barodar va tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy, shuningdek, HAMAS siyosiy idorasi rahbari Ismoil Xoniya keldi. O‘sha yerda tomonlar qisqa uchrashuv o‘tkazib, gaplashib olgan.
Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy 23 may kuni o‘zi tug‘ilib o‘sgan Mashhad shahridagi Imom Rizo maqbarasiga dafn qilindi. Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon esa Tehron yaqinidagi Rey shahridagi Abdol Azim ziyoratgohiga dafn etilgan.
Raisiy bo‘lgan vertolyotning qulashiga ob-havo sharoiti sabab bo‘lganmi?
Eronlik qiz Mahsa Aminining vafotini eslaysizmi? Shu qiz ro‘molni noto‘g‘ri o‘ragani uchun axloq politsiyasi tomonidan hibsga olingan va qamoqda vafot etgan. Uning qarindoshlari qiz qiynoqlar oqibatida vafot etganini aytib chiqqandi. Buning ortidan mamlakatda norozilik namoyishlari tinmadi, nafaqat ayollar, balki erkaklar ham bosh ko‘tardi. Hukumat nima qildi? Masalani yosh qizning vafot etishi bilan bog‘lamadi, aksincha, bu namoyishlar ortida AQSH turganini, G‘arb Erondagi tinchlikka raxna solayotganini aytib chiqdi. Odatda bunday voqealarda darrov G‘arbni ayblaydigan Eronning Raisiy o‘limida negadir sukut qilayotgani, AQSHga teginmayotgani ko‘plab savollarni o‘rtaga chiqarmoqda. Avvaliga hukumatparast OAVlar rasmiylarga tayanib, vertolyotning qulashiga noqulay ob-havo sharoiti sabab bo‘lganini aytgan edi. Keyinroq bu taxmin rasman rad etildi.
Eron Prezidenti ma’muriyati rahbari G‘ulom-Husayn Ismoiliy halokat kuni ob-havo sharoiti normal bo‘lganini aytdi.
"Bu tuman emas edi. Ehtimol, darada chuqur tuman bor edi, lekin parvoz yo‘limiz bo‘ylab tuman yo‘q edi. Bulutlar vertolyotdan biroz balandroq edi. Bortida Prezident bo‘lgan vertolyot uchuvchisi qo‘mondon sifatida bizga balandlikka ko‘tarilish va bulutlar ustida harakatlanishni davom ettirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Vertolyotlar balandlikni oshirdi va taxminan 30 soniyadan so‘ng uchuvchimiz Prezidentning vertolyoti yo‘qolganini angladi”, deydi Ismoiliy.
Agar gap ob-havoda bo‘lmasa, qolyapti yana bir variant: texnik nosozlik. Xo‘sh, o‘zi Raisiy qaysi vertolyotda ketayotgan edi? Bu AQSHda ishlab chiqarilgan Bell 212. Ha, noto‘g‘ri eshitmadingiz. Eron AQSH bilan jiqqamusht, lekin prezident AQSH vertolyotida uchadi.
Ekspertlarning fikricha, Eron Prezidenti uchgan va halokatga uchragan Bell-212 ishonchli, ammo eski vertolyot bo‘lgan. Uning qiyin ob-havo sharoitida to‘siqlarni aniqlay oladigan radari ham bo‘lmagan. Agar vertolyotda shunday radar bo‘lsa, u to‘siqni ko‘rib, uning atrofidan uchib o‘tardi.
Yana shubhali tomoni shundaki, Prezident Raisiy odatda Rossiyaning Mi-171 vertolyotida uchgan (Mi-8 ning yangi dvigatellar va elektron jihozlar bilan modifikatsiyasi). Nega bu safar Bell-212 da safarga chiqqani sabablari noma’lum.
Rossiyada xizmat ko‘rsatgan uchuvchi Vadim Bazikinning fikricha, Bell-212 eski, ammo ishonchli vertolyot bo‘lib, u har qanday ob-havoda ucha oladi.
“Bunday vertolyotlarni oliy mansabdor shaxslarni tashish uchun olishga kim qaror qilganini bilmayman, lekin Prezident har doim birinchi toifali ehtiyot qismlar bilan uchadi, kapital ta’mirdan keyin uning dvigatellari yo‘q. Hamma narsa yangi o‘rnatilishi kerak. Eron uzoq vaqtdan beri sanksiyalarga dosh berishni va hamma narsani ishonchli bajarishni o‘rgangan, uchuvchilarimiz Eronda ishlagan, u yerda aviatsiya xavfsizligi tizimi a’lo darajada”, deydi Vadim Bazikin.
Bazikinning fikricha, Eron Prezidenti vertolyotining halokatiga inson omili, uchuvchi xatosi sabab bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, vertolyot har qanday ob-havoda aeroportga qo‘na oladi va uchuvchi juda yuqori malakaga ega bo‘lishi shart emas, chunki bu holatda avtomatlashtirish ishlaydi.
1979 yil boshida Islom inqilobidan oldin bir necha o‘nlab Bell 206, 212 va 214 modelidagi vertolyotlarning eng yirik mijozlaridan biri Eron bo‘lgan. Eronga yetkazib berilgan Bell-212 vertolyotlarining bir qismi Italiyaning Agusta kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Eronda esa 1979 yildan keyin ishlab chiqarilgan Amerika vertolyotlari yo‘qligi aytiladi. Shundan kelib chiqilsa, mamlakatning eng martabali shaxsi 45 yillik vertolyotga o‘tirgan yo o‘tkazilgan. 45 yil esa vertolyotlar xavfsizligi uchun uzoq muddat.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, Raisiyning o‘limiga AQSH aybdor. Nega deysizmi? Lavrovga ishonsak, Vashington aviatsiya sanoatiga qarshi sanksiyalar joriy etilgan mamlakatlarga ataylab zarar yetkazadi.
“Amerikaliklar buni inkor etadilar, lekin aslida AQSH sanksiyalar e’lon qilgan boshqa davlatlar Amerika uskunalari, jumladan, aviatsiya uchun ehtiyot qismlarni olmaydi”, deydi vazir.
Xuddi shu gaplarni aytish buyurtmasini bir vaqtda bir odamdan olgandek, Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko ham Raisiyning o‘limida AQSHni aybladi. Uning aytganlari ham Lavrovnikidan deyarli farq qilmaydi. Lukashenkoning aytishicha, Raisiyning o‘limida so‘zsiz AQSH aybdor. Chunki Qo‘shma Shtatlarning Eronga qarshi sanksiyalar siyosati Raisiyning vertolyotiga xizmat ko‘rsatishni taqiqlagan.
Erondagi fojia ichki qarama-qarshiliklar oqibatimi?
Raisiy so‘nggi yillarda Eronda vafot etgan uchinchi martabali shaxs. Avvaliga Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy, keyin fizik olim Muhsin Faxrizoda, endi esa navbat keldi Ibrohim Raisiyga. Ahamiyatli jihati shundaki, yuqorida nomlari sanalgan uch shaxs ham aynan 63 yoshida u yo bu tarzda vafot etdi.
Gap boshida Raisiy siyosat qurboni bo‘ldimi, degan luqmani tashlagandik. Shuni ham chaynab qo‘yaylikki, bir chetda qolib ketmasin. Raisiy Eronning amaldagi oliy rahbarining eng ehtimoliy vorisi hisoblangan. Ekspertlarning fikricha, uning prezidentlikka saylanishi mumkin bo‘lgan o‘tishga tayyorgarlik ko‘rilgan.
“Politico” nashrining yozishicha, Raisiyning o‘limi Oyatulloh Ali Xomanaiyning o‘rniga uning o‘g‘li Mojtab kelishi ehtimolini oshiradi.
Aynan Prezident Raisiy ekspertlar tomonidan Eron oliy rahbari Oyatullohning bo‘lajak vorisi, deb hisoblangan. Biroq yaqinda u layoqatsizligi uchun tanqid qilingan va bu uning lavozimga ko‘tarilish imkoniyatlarini pasaytirgan.
Bundan chiqdi, Raisiyning vertolyoti halokatga uchrashi ichki qarama-qarshiliklar oqibati bo‘lishi, fojia uyushtirilgan degan versiyada to‘xtashimiz mumkinmi? Yo‘q, albatta. Buni tekshiruv natijalari ko‘rsatadi.
Natijalar esa o‘zini ko‘p kuttirgani yo‘q. Eron Qurolli kuchlari Bosh shtabi vertolyot halokatini tergov qiluvchi qo‘mitaning dastlabki hisobotini e’lon qildi. Hujjatda aytilishicha, vertolyot rejalashtirilgan yo‘nalish bo‘yicha bo‘lgan va belgilangan parvoz yo‘lidan chiqmagan. Halokatdan taxminan bir yarim daqiqa oldin uchuvchi yana ikkita vertolyot uchuvchilari bilan bog‘langan va ular suhbatida shubhali hech narsa sezilmagan. Halokatga uchragan vertolyot qoldiqlarida o‘q izlari yoki boshqa tashqi ta’sirlar topilmagan, u tog‘ bilan to‘qnashgan va yonib ketgan.
Hozirda tergov davom etmoqda. Qo‘mita ta’kidlaganidek, ba’zi tafsilotlarni o‘rganish uchun ko‘proq vaqt talab etiladi.
Falastinni yana uch mamlakat mustaqil davlat sifatida tan oldi
Ana endi navbat keldi boshqa xabarlarga. Tugayotgan haftada Yevropaning uch mamlakati – Norvegiya, Irlandiya va Ispaniya hukumatlari Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olishini e’lon qildi. Isroil bunga javoban Irlandiya va Norvegiyadagi elchilarini maslahatlashuvlar uchun chaqirib oldi.
Irlandiya Bosh vaziri Saymon Xarris yaqin kunlarda 3 ta davlatning qaroriga boshqa davlatlar ham qo‘shilishiga ishonch bildirdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Dublin, Oslo va Madrid ushbu qarorni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan barcha choralarni ko‘radi.
Norvegiya Bosh vaziri Yonas Gar Styorening aytishicha, Falastin va Isroil o‘rtasidagi hududni belgilash 1967 yilgacha bo‘lgan chegaralar asosida amalga oshirilishi kerak, Quddus har ikki davlatning poytaxti bo‘lib, chegaralar bo‘yicha yakuniy kelishuv tuzilmaguncha hududlar almashinuviga ruxsat beriladi.
Rasmiy ravishda mamlakatlarning Falastinni tan olish haqidagi qarorlari joriy yilning 28 mayidan kuchga kiradi.
Qayd etish joizki, aprel oyi oxirida Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Josep Borrel may oyining oxirigacha Falastin Yevropa Ittifoqining bir qancha davlatlari tomonidan tan olinishini aytgan. Hozirgi vaqtda Yevropa davlatlari orasida Falastinning mustaqilligini Bolgariya, Vengriya, Kipr, Malta, Polsha, Ruminiya, Slovakiya, Chexiya va Shvetsiya tan olgan. Umuman olganda, Falastinni BMTning 193 davlatidan 143 tasi, jumladan, O‘zbekiston mustaqil davlat sifatida tan olgan. Biroq G7 (Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Buyuk Britaniya va AQSH) davlatlaridan hech biri Falastinni tan olmagan.
Xalqaro jinoiy sud bosh prokurori Isroil rahbarlari va HAMAS yetakchilarini hibsga olish uchun order berilishini talab qildi
Xalqaro jinoiy sud bosh prokurori Karim Xon Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu, Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant va HAMASning uch yetakchisi: Yahyo Sinvar, Muhammad Al-Masri va Ismoil Xoniyani hibsga olish uchun order berishni talab qildi. Prokuror bayonotida isroillik siyosatchilar va HAMAS yetakchilari urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun javobgar ekanligi ta’kidlangan.
To‘plangan dalillarga asoslanib, prokurorlar Binyamin Netanyaxu va Yoav Galantni Falastin hududida (G‘azo sektori) kamida 2023 yil 7 oktyabrdan buyon sodir etilgan urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun javobgar, deb hisoblamoqda. Xususan, ular qasddan odam o‘ldirish, tinch aholiga qasddan hujum uyushtirish, shafqatsiz munosabatda bo‘lish, ochlikdan urush usuli sifatida foydalanish kabi vahshiyliklarda ayblanmoqda.
Isroil hukumati prokuror talabini “tarixiy sharmandalik” deb hisoblamoqda. Isroil XJS prokurorining order olishga urinishlariga qarshi kurashish uchun maxsus qo‘mita tuzadi, shuningdek, unga qarshi diplomatik choralar ko‘radi.
Isroil Prezidenti Isxak Gersog prokurorning iltimosini “xalqaro sud tizimi qulash xavfi borligiga” misol deb atadi. Unga ko‘ra, bu butun dunyo bo‘ylab terrorchilarni ruhlantiradigan bir tomonlama siyosiy harakatdir.
HAMAS harakati ham prokurorning talabidan noroziligini bildirdi.
"HAMAS harakati Xalqaro jinoiy sud prokurorining Falastinning bir qator qarshilik ko‘rsatuvchi yetakchilarini hibsga olish uchun order berish orqali jabrlanuvchini jallodga tenglashtirishga urinishlarini keskin qoralaydi”, deyiladi harakat bayonotida.
AQSH Prezidenti prokurorning talabini qoralab chiqdi.
“Xalqaro jinoiy sud prokurorining Isroil rahbarlarini hibsga olish uchun order berayotgani haqidagi bayonoti g‘azabnokdir. Bu prokuror nimani nazarda tutmasin, Isroil va HAMAS o‘rtasida tenglik yo‘q”, degan AQSH Prezidenti Jo Bayden.
Fransiya Xalqaro jinoiy sud prokurorining talabini qo‘llab-quvvatladi. Rasmiy Parij Fransiya nafaqat mojaro zonasida tinchlik o‘rnatish, balki isroilliklar va falastinliklarning azob-uqubatlariga chek qo‘yadigan yechim topish tarafdori ekanini urg‘ulagan.
Prezident Vladimir Zelenskiyning vakolat muddati tugadi
Joriy yilning 20 may kuni 2019 yildan buyon Ukraina Prezidenti kursisini egallab kelayotgan Vladimir Zelenskiyning vakolat muddati tugadi. Ammo urush ichida bo‘lgan Ukrainada prezident saylovini o‘tkazishning imkoni yo‘q.
BMT esa garchi Zelenskiyni davlat rahbari sifatidagi vakolati 20 mayda tugagan bo‘lsa ham uni Ukraina Prezidenti deb hisoblashda davom etishini e’lon qildi.
“Prezident Zelenskiy biz uchun Ukraina davlat rahbari va bosh kotib Ukraina Prezidenti bilan bog‘lanish zarurati tug‘ilganda muloqot qiladigan shaxs bo‘lib qoladi”, deydi tashkilot Bosh kotibi vakili Stefan Dyujarrik.
Ukraina rahbari besh yil muddatga saylanadi, saylovlar 2024 yilning mart oyida bo‘lib o‘tishi kerak edi. Zelenskiyning prezidentlik muddati haqiqatan ham tugadi, biroq mamlakat konstitutsiyasining 108-moddasida Prezident yangi davlat rahbari saylangunga qadar o‘z vazifalarini bajarishi kerakligi aytilgan. Shuningdek, Konstitutsiyaga ko‘ra, harbiy holat sharoitida saylov o‘tkazish taqiqlangan.
2023 yilning noyabrida Oliy Radadagi fraksiya rahbarlari memorandum imzolagan, unga ko‘ra saylovlar mamlakatdagi janglar tugaganidan keyingina o‘tkazilishi mumkin.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin shu hafta Minskka borganida Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiyning qonuniy prezidentlik davri tugaganini va Ukraina bo‘yicha kim bilan muzokara olib borish masalasi bekorga emasligini aytdi.
“Kim bilan muzokara qilishimiz kerak, bu behuda savol emas, biz Ukrainaning amaldagi davlat rahbarining qonuniyligi tugaganidan xabardormiz”, deydi Putin.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiyning qonuniyligi haqidagi savolga Ukrainaning o‘zida javob topish kerak.
So‘nggi oylarda Rossiya rasmiylari va targ‘ibotchilari bir xil tezisni bir necha bor takrorlab, 2024 yil 20 maydan keyin Vladimir Zelenskiy vakolat muddati tugashi munosabati bilan legitimlikni yo‘qotganini aytmoqda.
Gruziyada “Xorijiy agentlar to‘g‘risidagi” qonun mashmashasi davom etmoqda
Gruziyadagi rossiyaparast qonun mashmashasi davom etmoqda. Ko‘plab noroziliklar va namoyishlarga sabab bo‘lgan “Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida”gi, soddaroq til bilan aytganda Rossiyadagi “xorijiy agent” qonunining analogi bo‘lgan qonun mamlakat Prezidenti Salome Zurabishvili tomonidan rad etildi.
Prezident chet el agentlari to‘g‘risidagi qonunga veto qo‘yib, uni bekor qilish kerakligini, chunki u Yevropa standartlariga zid va uni qabul qilish mumkin emasligini aytdi.
Tugayotgan haftada AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Vakillar palatasi tashqi ishlar qo‘mitasi tinglovida Qo‘shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi Gruziyaning “Xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga qarshi chora ko‘rishni rejalashtirayotganini aytdi.
Blinken Vashington qonun loyihasidan juda xavotirda ekanligini bildirdi. Uning fikricha, bu gruzinlarning aksariyat qismining Yevropa Ittifoqiga integratsiyalashuvga intilish istagiga aniq zid.
Shundan keyin Gruziya parlamentining ko‘pchilikni tashkil etuvchi “Xalq kuchi” partiyasi a’zosi Sozar Subari Facebook’da Blinkenga ochiq xat yozib, Blinkenning Gruziya chet el agentlari haqidagi qonunni qabul qilgudek bo‘lsa, AQSH va Yevropa Ittifoqi mamlakatga sanksiya kiritishi haqidagi ogohlantiruvini “quruq gap” deb atadi.
Ammo Blinken aytganining ustidan chiqdi. U shu hafta Amerika Qo‘shma Shtatlari ma’muriyati “Xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonun bilan bog‘liq holda Gruziya rasmiylariga viza cheklovlarini joriy etish bo‘yicha yangi siyosatga o‘tishini e’lon qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Gruziyaning yangi qonuni birlashish va so‘z erkinligiga to‘sqinlik qiladi, Gruziya fuqarolariga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarni qoralaydi va gruzin xalqining yuqori sifatli ma’lumotlarga ega bo‘lishini ta’minlash uchun ishlayotgan mustaqil OAV faoliyatiga to‘sqinlik qiladi.
“[Gruziya rasmiylarining] bu harakatlariga javoban, Davlat departamenti Gruziya uchun vizani cheklash bo‘yicha yangi siyosatni joriy qilmoqda, bu esa Gruziyadagi demokratiyani buzishda mas’ul yoki unga sherik bo‘lgan shaxslarga, shuningdek, ularning oila a’zolariga nisbatan qo‘llaniladi. Ular orasida zo‘ravonlik va qo‘rqitish kampaniyasi orqali Gruziyada fuqarolik jamiyati va tinch yig‘ilishlar erkinligini bostirish uchun mas’ullar bor”, deydi AQSH tashqi siyosat idorasi rahbari.
Blinkenga ko‘ra, Gruziyadagi demokratik jarayonlar yoki institutlarga putur yetkazadigan har qanday kishi, jumladan, 2024 yil oktyabr oyidagi Gruziya saylovlari arafasida, saylov paytida va undan keyin ham, ushbu siyosat bo‘yicha AQSH vizalariga ega emas, deb topilishi va Qo‘shma Shtatlarga borishi taqiqlanishi mumkin. Bunday shaxslarning yaqin oila a’zolari ham ushbu cheklovlarga duchor bo‘lishi mumkin.
AQSH Senatining tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi va katta respublikachi Ben Kardin va Jim Rish , senatorlar Jinn Shaxin, Kris Kuns, Lindsi Grem Gruziyaga qarshi sanksiyalarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini taqdim etdi.
Agar qonun loyihasi qabul qilinsa, Davlat departamenti Gruziya fuqarolari va ularning oila a’zolariga chet el agentlari to‘g‘risidagi qonunni targ‘ib qilish va qo‘llab-quvvatlashda qatnashgani uchun sayohatga cheklov qo‘yishi kerak bo‘ladi.
Qonunchilar, shuningdek, AQSH va Gruziya o‘rtasidagi strategik muloqotni butunlay to‘xtatib qo‘yishga chaqirdi.
Bularga javoban 27 may kuni Gruziya parlamenti Prezident Salome Zurabishvilining chet el agentlari haqidagi qonunga qo‘ygan vetosini bekor qilish jarayonini boshlamoqchi. Veto bekor qilingandan keyin qonun yana Prezidentga imzolash uchun yuboriladi. Agar Zurabishvili yana hujjatni imzolashdan bosh tortsa, uni parlament spikeri Shalva Papuashvili. Qonun e’lon qilingandan keyin kuchga kiradi.
“Xorijiy ta’sirning ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqish joriy yilning aprel oyida boshlangan. O‘shandan beri Gruziyada keng ko‘lamli namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. Bir necha marta ular xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashuvga aylangan. Qonunga AQSH, Yevropa Ittifoqi, BMT, NATO, YeXHT va Yevropa Kengashi qarshi chiqmoqda. Yevropa yetakchilari bu qonun Yevropa qadriyatlariga zid ekanini aytadi. Gruziyaning hukmron partiyasi yetakchilarining masalani xaspo‘shlab tushuntirishicha, qonun faqat nodavlat sektor va ommaviy axborot vositalarining xorijdan moliyalashtirilishi shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi.
“Baxti Tashkentskiy” va unga aloqador 30 dan ortiq kishining jinoiy ishi sudga yuborildi
Jinoyat olamida “Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev va unga aloqador bo‘lgan 30 dan ortiq kishiga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish tergovi tugatilib, ko‘rib chiqish uchun sudga yuborildi.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan olib borilgan tergov natijalariga ko‘ra, Baxtiyor Qudratullayev boshchiligida jami 30 dan ortiq kishi Jinoyat kodeksining 242-moddasi (Jinoiy uyushma tashkil etish) va 165-moddasi (tovlamachilik), shuningdek, boshqa moddalar bilan ayblanmoqda.
Tergovga jalb qilinganlar va ayni vaqtda ushbu ayblovlar bilan hibsda saqlanayotganlar orasida Baxtiyor Qudratullayevning ikki o‘g‘li – 1996 yilda tug‘ilgan Ixtiyor Qudratullayev va 1994 yilda tug‘ilgan Bekzod Zafarov ham bor.
Eslash o‘rinliki, avvaliga Baxtiyor Qudratullayev Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a” bandi – juda ko‘p miqdorda tovlamachilik va 276-modda 2-qismi “a” bandi – ko‘p miqdorda giyohvandlik vositalarini saqlash bilan gumonlanib, hibsga olingandi. Keyinchalik, u Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismi “a” bandiga qo‘shimcha ravishda, ushbu moddaning “v” bandi – uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab jinoyat sodir etganlikda ham ayblanayotgani ochiqlandi.
Joriy yilning fevral oyiga kelib, Baxtiyor Qudratullayevga Jinoyat kodeksining 242-moddasi (Jinoiy uyushma tashkil etish) bo‘yicha ayblov e’lon qilindi.
Qudratullayev 2023 yilning 28 noyabr kuni soat 21:45 larda Toshkent shahar, Yakkasaroy tumanidagi uyidan ichki ishlar xodimlari tomonidan olib ketilgandi. U jamoat joyida IIO xodimlariga nisbatan baqir-chaqir qilib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan buzgan. Shuningdek, u IIO xodimlarining IIB binosiga borib shaxsiga aniqlik kiritish haqidagi qonuniy talablarini bajarmagan.
Sud hukmiga ko‘ra, Baxtiyor Qudratullayev Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi va 194-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir qilgan deb topilib, unga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangandi.
Shundan so‘ng uning advokati sudga qaror bo‘yicha apellyatsiya shikoyati bergan. Ammo 9 dekabr kuni sud tomonidan apellyatsiya shikoyati ko‘rib chiqilib, rad etilgan.
15 sutkaga qamalgan “Baxti Tashkentskiy” jazoni o‘tab bo‘lganidan so‘ng, u tergov harakatlari davomida qamoqda saqlanishi uchun prokuror tomonidan sanksiya qo‘llanilgan.
Putin O‘zbekistonga kelyapti
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 26-27 may kunlari O‘zbekistonga kelyapti. Putin 2030 yilgacha prezident lavozimiga kirishganidan keyin Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidan birinchi bo‘lib O‘zbekistonga kelyapti, deb o‘ylagandik. Lekin chuchvarani xom sanabmiz. U O‘zbekistondan avval Belarusda mehmon bo‘lyapti. Ilk tashrifni esa Xitoydan boshlagandi. Ayni vaqtda Toshkentda Putinning tashrifiga katta tayyorgarlik ko‘rilyapti. Ko‘ramiz, tashrif natijalari qanday bo‘larkan. Bularni esa kelgusi haftada muhokama qilamiz.
LiveBarchasi