“Mona Liza” boshqa joyga ko‘chiriladi

Olam

image

Italiyalik mashhur rassom, Uyg‘onish davrining yetuk namoyandasi Leonardo da Vinchining “Mona Liza” (Jokonda) kartinasi Parij shahridagi Luvr muzeyining alohida xonasiga ko‘chiriladi. Bu haqda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ma’lum qildi.

Yangi zal 2031 yilgacha ochilishi rejalashtirilgan. Makron, shuningdek, Luvrning o‘zi ham qayta qurilishini aytdi. Muzey ta’mirlanadi, restavratsiya qilinadi va kengaytiriladi hamda ajoyib yangi kirish eshigiga ham ega bo‘ladi.

Luvr rahbariyati har yili 9 millionga yaqin tashrif buyuruvchilarni jalb qiladigan muzeyda gavjumlikni bartaraf etish uchun yangi kirish eshigi ochmoqchi. Muzeyning kunlik tashrifi allaqachon 30 ming kishiga yetgan. Taxminlarga ko‘ra, Luvr mehmonlarining 80 foizi Leonardo da Vinchining durdona asarini ko‘rish uchun keladi, shuning uchun rasmni alohida xonaga ko‘chirish takliflari bir necha yillardan beri eshitilmoqda.

Yanvar oyi boshida “Le Parisien” gazetasi Luvr bosh direktori Lorans de Karning respublika Madaniyat vazirligiga yo‘llagan maktubiga tayanib, saroyning ahvoli yomonlashayotgani, bu eksponatlar uchun xavf tug‘dirayotgani haqida xabar bergan edi. “France 24”ning yozishicha, Makron e’lon qilgan Luvrni keng ko‘lamli rekonstruksiya qilish rejasi taxminan 10 yil davomida taxminan 700-800 million yevroga tushadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Riposte Alimentaire“ (”Oziq-ovqat reaksiyasi“) harakatining ekologiya faollari Parijdagi Luvr muzeyida mashhur rassom Leonardo da Vinchining durdona asari “Mona Liza” (Jokonda) kartinasiga sho‘rva uloqtirgandi. Muzey xodimlari kartina namoyish etilayotgan zalni yopdi. Leonardo da Vinchining asariga hech narsa qilmadi. 2022 yil may oyida Luvrga tashrif buyuruvchi dunyoga mashhur kartinaga tort uloqtirgan. Erkak nogironlar aravachasida edi, u keksa ayolning kiyimida muzeyga kirgandi. 1956 yilda talaba hujumidan so‘ng rasm o‘q o‘tkazmaydigan oyna bilan qoplangan. Bundan oldin 1950 yilda bir kishi rasmga sulfat kislota quygan, keyin boliviyalik talaba unga tosh otgan, 2009 yilda esa rossiyalik sayyoh choy uloqtirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Emmanuel' Makron Luvr Mona Liza Leonardo da Vinchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing