Moliya vazirligi pulni qisishi oqibatida Samarqandda Prezident topshirig‘i bajarilmay kelyapti

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil Samarqand viloyatiga amalga oshirgan tashrifi davomida Samarqand shahri bilan Oqdaryo tumanining Rasul Hamroyev hududini bog‘lovchi Zarafshon daryosi ustidan o‘tuvchi yangi ko‘prik qurilishi uchun ishlab chiqilgan loyihaga smeta hujjatlariga asosan mablag‘ ajratish va qurilish ishlarini 2019 yilda boshlash bo‘yicha topshiriq berilgan edi. Ammo bugunga kelib ham qurilish ishlari boshlanmagan. Oradan ikki yil o‘tib ham Prezident topshirig‘i ijrosi bajarilmay kelmoqda. Ushbu masala bugun Oliy Majlis Senatining beshinchi yalpi majlisida o‘rtaga tashlandi. Masalaga O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev javob berdi. Uning qayd etishicha, ikki yildirki, Moliya vazirligi ushbu ko‘prik qurilishiga pul ajratmay kelmoqda. 

“Bu juda katta ko‘prik. Loyiha va smeta hujjatlari tayyorlandi. Uning umumiy uzunligi 863 metr. Ko‘prikning suvdan o‘tadigan qismi 350 metr va yana yo‘ldan o‘tadigan qismi ham bor. Loyihaning umimiy qiymati 87,5 milliard so‘m. Bu ham 2019 yilning boshidagi hisoblangan narx. 

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi barcha ishlarini to‘liq respublika va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiradi. Har bir ob’ektimiz aniq manzilli dastur bilan belgilangan. Shularni hisobga olgan holatda, ko‘prik qurilishini byudjet hisobidan amalga oshirish uchun “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ qoshidagi ko‘prik qurilish trestiga topshirilgan.  Ular ham loyihani byudjet hisobidan qurgani uchun biz, ular, viloyat hokimligi bir necha bor Moliya vazirligiga murojaat qilib, shu pulni so‘radik. 

Samarqand viloyatida amalga oshiradigan barcha ishlarimizning 25 foizini mana shu ko‘prikning o‘zi tashkil etadi. Boshqa ob’ektlarni to‘xtatib turganimizda ham bilan hech qanday yo‘l bilan bu ko‘prikni qura olmaymiz. Moliya vazirligi esa bizga mahalliy byudjet hisobidan qilinsin degan javobni berdi. Ammo bu juda katta mablag‘. Bunday pulni mahalliy byudjet ko‘tara olmaydi. Shunday ekan, Moliya vazirligi ushbu loyihani qayerdan moliyalashtirish manbalarini aniq ko‘rsatsin. Quruvchilar tayyor, juda qisqa vaqt ichida uni qurib topshirishga tayyormiz”. 

Tanzila Norboyeva ushbu masala yuzasidan Moliya vazirligi rasmiylariga murojaat qildi. Ammo Vazirlar Mahkamasi vakili yalpi majlisda Moliya vazirligidan hech kim ishtirok etmayotgani, bo‘lgan gaplarni yetkazib qo‘yishini ta’kidladi. 

“Nega yetkazasizlar, nega ular studiyada o‘tirishmayapti? Bu savollar mablag‘ bilan bog‘liq. Nima uchun ular Senatning yig‘ilishida o‘tirib eshitmaydi? Hamma masalalar bo‘yicha Moliya vazirligi doim ishtirok etishi kerak. Chunki, ko‘tarilayotgan muammolar mablag‘ bilan bog‘liq. Davlat rahbarining topshiriqlari nega o‘z vaqtida bajarilmayapti? Mablag‘ o‘z vaqtida yetib bormayotgani uchun”, deydi Norboyeva.


Maqola muallifi

Teglar

Yalpi majlis Senat

Baholaganlar

184

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing