“Moddiy va ma’naviy zarar”. Namangan hokimi noqonuniy radarlarni olib tashlashni so‘radi

Jamiyat

image

Namangan shahar hokimi Anvar Otaxo‘jayev viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘idan hududlarda noqonuniy o‘rnatilgan radarlarni olib tashlashni so‘radi. Hokim shu haqdagi xatni viloyat YHXB boshlig‘i Mansur Gaziyevga yo‘llagan.

Hokimga ko‘ra, jamoatchilik vakillari va yoshlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar va muhokama yig‘ilishlarida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida o‘rnatilgan yo‘l harakati qoidalari buzilganligini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari tomonidan jarimalarning qo‘llanishidan norozilik kayfiyati ortib borishi, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda salbiy fikrlar bildirilishiga sabab bo‘lmoqda.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bino-inshootlarning tom qismlari, shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari tasarrufidagi yoritish tayanchlariga belgilangan me’yorlarga zid ravishda o‘rnatilgan fotoradarlar tomonidan jarimalarning qo‘llanishi Namangan shahrining fuqarolariga moddiy va ma’naviy zarar keltirmoqda.

Hokim o‘z xatida YHXB boshlig‘idan Namangan shahri va shahar tarkibidagi Davlatobod hamda Yangi Namangan tumanlarida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 21 apreldagi “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasiga xususiy sektorni jalb etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 232-sonli qaroriga asosan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilganligini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini o‘rnatish va ekspluatatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizomiga zid ravishda o‘rnatilgan kameralarni KAAT tizimidan o‘chirishni hamda ular tomonidan qayd etilgan qoidabuzarliklarga jarimalar qo‘llash ishlarini to‘xtatishni, faqat ulardan xavfsizlik maqsadida foydalanishni so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatining Andijon shahrida 52 ta radar kamerasiga pnevmatik miltiqdan o‘q otgan erkak aniqlangan edi. U ushbu qilmishi orqali umumiy hisobda 1 milliard 147 million so‘m moddiy zarar yetkazgan.


Maqola muallifi

Teglar

Namangan YHXB radar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing