MMA jangchisi Humoyun To‘xtamurodov qamoqda emasmi?
Sport
−
13 dekabr 2023
16160Avvalroq, Respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Dolzarb 40 kunlik” tezkor tadbirlari doirasida MMA jangchisi Humoyun To‘xtamurodov Qo‘qon shahrida ikki nafar shaxslarga tan jarohati yetkazib, hodisa joyidan yashiringani va voqea ortidan sportchi huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan ushlangani xabar qilingandi.
Sportchi qo‘lga olinganiga qaramay, uning Instagram'dagi sahifasiga story'lar joylab borildi va u o‘z kuzatuvchilarida qo‘yib yuborilganday taassurot uyg‘otdi. Biroq QALAMPIR.UZ manbasiga ko‘ra, To‘xtamurodovga Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi bilan 3 oylik qamoqqa olish ehtiyot chorasi tanlangan.
Sportchi tergov harakatlari davomida ehtiyot chorasi sifatida qamoqda saqlanadi.
Uning Instagram sahifasiga bir necha soatlar oldin Turkiyaning Istanbul shahrida tushgan surati joylangan.
Eslatib o‘tamiz, 12 dekabr kuni Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev Ommaviy axborot vositalariga poytaxtda o‘tkazilayotgan "Dolzarb 40 kunlik” tezkor tadbirlari doirasida qilingan ishlar haqida axborot bergandi.
U kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash maqsadida, bunga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi shaxslarni jinoiy faoliyatiga chek qo‘yishga qaratilgan maxsus-tezkor tadbirlar olib borilayotgani va tadbir doirasida 103 nafar shaxs qo‘lga olingani va 38 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi