MXQning sobiq raisi davlatga xiyonatda ayblanmoqda
Olam
−
25 avgust 2022
6828Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi xodimlari tashkilotning sobiq rahbariyatiga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish bo‘yicha tergovni yakunladi, uning sobiq rahbari Karim Masimovning xatti-harakatlari davlatga xiyonat va hokimiyatni majburan tortib olish moddalari bo‘yicha kvalifikatsiya qilindi. Bu haqda bugun, 25 avgust kuni MXQ matbuot xizmati xabar berdi.
“MXQ qo‘mitaning sobiq rahbariyati K.K.Masimov, A.T.Sadiqulov, D.E.Ergojin, M.S.Osipov va mansabdor shaxslar D.M.Akipov, N.K.Bekmuratga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov ishlarini yakunladi. Masimov va Sadiqulovlarning qilmishlari Jinoyat kodeksining 175-moddasi 1-qismi (“Davlatga xiyonat”), 179-moddasi 3-qismi (“Hokimiyatni majburan tortib olish”) va 362-moddasi 3-qismi 4-bandi (“Hokimiyat va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish") bilan kvalifikatsiya qilingan”, deyiladi xabarda.
Unda qayd etilishicha, Yergojinning harakatlari “Hokimiyatni zo‘rlik bilan egallab olish” va “Hokimiyat va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish” moddalari, Osipov – “Hokimiyat va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish” moddasi, Akipov va Bekmurat – “Hokimiyat va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish” moddasi bo‘yicha kvalifikatsiya qilinadi.
“Hozirda gumonlanuvchilar ish materiallari bilan tanishtirilmoqda. Masimov va Sadiqulovni hibsda saqlash muddati tanishuv muddatigacha, ya’ni 6 oktyabrgacha, Yergojinni – 13 oktyabrga, Osipovni – 22 oktyabrga qadar uzaytirildi”, deyiladi qo‘mita xabarida.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar oyida Qozog‘istonda tartibsizliklarga aylangan ommaviy namoyishlardan so‘ng yuqori martabali maxsus xizmat xodimlarini hibsga olish boshlandi. Dastlab Masimov Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbari lavozimidan chetlashtirilib, davlatga xiyonatda gumon qilinib, hibsga olindi, uning o‘rniga Sagimbayev tayinlandi. Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbarining o‘rinbosarlari – Anuar Sadiqulov va Daulet Yergojin ham o‘z lavozimlaridan chetlashtirildi. 13 yanvar kuni Masimov hokimiyatni zo‘rlik bilan egallab olish va mansab vakolatini suiiste’mol qilishga qaratilgan harakatlarda ham gumon qilinayotgani ma’lum bo‘ldi. Sadiqulov va Yergojinning hibsga olingani haqida ham aytildi. Keyinroq, Masimov va Sadiqulov sud tomonidan hibsga olingan va ish “o‘ta maxfiy” toifasiga kiritilgan. 7 fevral kuni Yergojin ham sud sanksiyasi bilan hibsga olingan.
Masimovning uyi tintuv qilinganida 17,2 million AQSH dollari miqdorida naqd pul, shuningdek, ko‘plab hashamatli buyumlar aniqlangan.
Masimov Qozog‘istonning sobiq Prezidenti Nursulton Nazarboyevning uzoq yillik hamkori hisoblangan.
LiveBarchasi