Miyasida o‘simtasi bor qiz Moskvaga uchib ketdi. Oila Bosh vazir ko‘magidan minnatdor

Jamiyat

image

Kunlarni ko‘rib turibsiz. Bir-biridan sovuq xabarlar ko‘p. Koronavirus haqidagi tashqi xabarlardan ko‘ngil ozay deb turganda bu xavf o‘zimizga ham kirib keldiyu tahlikamiz yanada ortdi. Undan ikki kishining vafot etishi va bemorlar soni keskin ortishi esa yanada qayg‘uga tushirdi. 

Ammo shunday qayg‘uli kunlarning birida tahririyatimizga quvonch va hayajon aralash SMS keldi. “Moskvadamiz. Xudoga shukr biz yetib keldik. Endi buyog‘i karantin ekan. Hammaga tashakkur”, deyilgan edi. Siz yuqorida ko‘rib turgan suratda 6 yoshli Yasmina Moskva aerportida ekani tasvirlangan. Balki ko‘rinishdan oddiy rasmdek tuyular, lekin biz uchun bunda bir olam ma’no mujassam.  

Xabaringiz bor, bir necha kun muqaddam Toshkent shahri, Shayxontohur tumanida istiqomat qiluvchi Sharapovlar oilasi vaqtinchalik cheklovlar sabab mushkul holda qolgani haqida ma’lum qilgan edik. Oilaning 6 yoshli farzandi Yasmina miyasidagi o‘simta sabab Moskvaga borishi zarur edi.  

Shundan so‘ng, QALAMPIR.UZ sayti bemor oilasi bilan aloqada bo‘lib turdi. 24 mart kuni maqola e’lon qilingach, o‘sha kunning o‘zida Hukumat vakillari tomonidan Sharapovalar oilasiga ko‘mak berilgan va tashkiliy masala hal etilgan. 

“Xudoga ming marta shukr. Biz Moskvaga yetib keldik. Biz kelganimizdan ikki haftalik karantinga olishdi. Hozir izolyatsiya bilan ta’minlangan mehmonxonadamiz. Sizdan iltimos, bitta minnatdorchilik sifatida maqola yozsangiz. Biz oldinroq Bosh vazir nomlariga ham murojaat xati yozgandik. Shundan so‘ng, Bosh vazir Abdulla Aripov yordami bilan manzilga yetib oldik. Bizni borishimiz haqida barcha mas’ul shaxslar ogohlantirilgan ekan. Borishimizga tez-tez kutib olib, tegishli choralar qilindi. Samolyot ham biz sabab ushlanib qolib, kutib turgan. Moskvadagi bojxonada ham bizni uzoq kuttirishmadi. Bu ishlarda O‘zbekiston elchixonasi bosh-qosh bo‘libdi”, deydi bemorning onasi Nargiza Sharapova.

Sharapovaning aytishicha, ular karantin muddatini o‘taganidan so‘ng qizchasi Yasmina klinikada davolanishni boshlaydi. 

“Biz 24 mart kunining o‘zida yo‘lga chiqib, karantin rejimiga olingan bo‘lsak, 14 kundan so‘ng klinikaga joylashtirilamiz. 7 aprel kuni Nikolay Nikolayevich Bloxin nomidagi Milliy tibbiy onokologiya ilmiy markaziga olinishimiz ma’lum qilindi. Men bu ishda o‘zining yordamini bergan mutasaddilarga, xususan Bosh vazirga, Tashqi ishlar vaziriga o‘z minnatdorligimni bildiraman”, deydi u.

Ayni vaqtda koronavirus kasalligi mamlakatda og‘ir pallaga kelmoqda. Shunga qaramay, yurtning bir farzandiga ham alohida e’tibor qaratib ko‘mak bergan mas’ul shaxslarga biz ham o‘z tashakkurimizni bildiramiz. 


Maqola muallifi

Teglar

o'simta

Baholaganlar

296

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing