Misrda Prezidentga qarshi namoyishlar boshlandi (video)

Olam

Kecha, 20 sentyabr kuni misrliklar Qohira va boshqa shaharlarda ko‘chaga chiqib norozilik namoyishini boshladi. Ular mamlakat Prezidenti Abdul Fattox as-Sisining iste’foga chiqishini talab qilyapti. Bu haqda “Al-Jazira” telekanali xabar berdi.

Namoyishchilar 2011 yilda yuz bergan inqilob shiorini takrorlayapti: “Xalq tuzum ag‘darilishini istayapti”. Namoyish videolari Facebook va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda tarqalyapti.

Arab nashri ma’lumotiga ko‘ra, politsiya bir necha kishini hibsga olgan, biroq namoyishlarga to‘la ravishda aralashmagan. Prezident as-Sisi BMT Bosh assambleyasida ishtirok etish uchun Qohiradan Nyu-Yorkka uchib ketgandi.

Namoyishlar ikki yetakchi futbol klublari “Zamalek” va “Ahli” o‘rtasidagi o‘yindan keyin tadbirkor va aktyor Muhammad Alining chaqiruvi bilan boshlandi. U Misrni bir necha hafta ilgari tark etgandi. Muhammad Ali bir necha yillar davomida armiya bilan shartnoma asosida ishlovchi pudratchi bo‘lgan va uning ta’kidlashicha, bajargan so‘nggi shartnomasi bo‘yicha pullarini ololmagan. U Ispaniyaga qochib ketib, Prezident va armiyani korrupsiyada aybladi.

Muhammad Alining Hukumatni fosh qilishi Facebook va Twitter`da millionlab ko‘rildi. Shu haftada Muhammad Ali misrliklarni ko‘chaga chiqishga va o‘z noroziligini bildirishga chaqirdi. Misr Prezidenti Muhammad Alining videosini javob siz qoldirmadi. As-Sisi uni yolg‘onchilikda aybladi.

Eslatib o‘tamiz, “Al-Jazira” telekanali 2013 yilda Muhammad Mursi ag‘darilgach, Misrda taqiqlab qo‘yilgan. Misrning yangi Hukumati telekanalni “Musulmon birodarlar” tashkiloti bilan hamkorlik qilishda ayblagan.


Maqola muallifi

Teglar

Misr Abdul Fattox as-Sisi

Baholaganlar

68

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing