Misrda piramidaga rasm chizgan gid hibsga olindi
Olam
−
09:25 3179 1 daqiqa
Kecha, 23 fevral kuni Misrda Giza shahri yaqinidagi qadimiy Unas piramidasi devoriga rasm chizgan gid qo‘lga olindi. Bu haqda “Egypt Today” xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, gid sayyohlarga ma’lum narsalarni tushuntirish jarayonida 3000 yillik tarixga ega yodgorlik yuzasiga har xil belgilar chizgan. Mazkur voqea ask etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandan so‘ng Saqqara turistik politsiya bo‘limiga mahalliy qadimiy buyumlar inspektoridan xabar kelib tushgan.
Xabarga ko‘ra, keyinchalik mas’ul organlar tomonidan chizilgan belgilar zudlik bilan olib tashlangan.
Hozirda ayblanuvchi qo‘lga olingan bo‘lib, u tergov jarayonida aybini tan olgan. Holat bo‘yicha sud jarayonlari boshlangan.
Misrning 1983 yildagi “Qadimgi yodgorliklar to‘g‘risida”gi qonunining 45-moddasiga ko‘ra, qadimiy yodgorliklarga yozuv yoki rasm tushirgan shaxs kamida bir yilga ozodlikdan mahrum qilinishi va 500 ming Misr funtigacha jarimaga tortilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Misr poytaxti Qohira shahri janubidagi Daxshur arxeologik hududida ispaniyalik sayyoh ayol Fir’avn Snofruning Bent piramidasiga tushib ketgani haqida xabar berilgandi.