Misrda Falastin-Isroil mojarosi bo‘yicha sammit boshlandi

Olam

image

Bugun, 21 oktyabr kuni Qohirada Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi tashabbusi bilan tashkil etilgan G‘azo sektoridagi vaziyat bo‘yicha sammit boshlandi. Bu haqda “Al Arabiya” xabar berdi.

Qayd etilishicha, yig‘ilish falastinliklarga yordam berish choralarini taklif qilish hamda Isroil va HAMAS o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatishga erishish uchun o‘tkazilmoqda.

Sammit ochilishida Abdul Fattoh as-Sisi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish imkonini beruvchi va Falastin davlatini yaratishga olib keladigan “yo‘l xaritasi”ni tuzish zarurligini aytgan. Prezident Isroilning G‘azo sektoriga hujumini “jamoaviy jazo amaliyoti” deb atagan va jahon hamjamiyatini “global jimlikda” ayblagan.

Sammitda 30 dan ortiq davlat vakillari ishtirok etmoqda. Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisidan tashqari, Falastin Prezidenti Mahmud Abbos, Iordaniya qiroli Abdulloh II, Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon, Bahrayn Qiroli Hamad bin Iso al-Xalifa, Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad ol Soniy va Quvayt valiahd shahzodasi shayx Mash’al al-Ahmad as-Saboh qatnashmoqda.

Bundan tashqari, Misr Prezidentining taklifiga binoan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel, Yevropa Ittifoqi bosh diplomati Jozep Borrel, Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni, Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches, Gretsiya Bosh vaziri Kiryakos Mitsotakis, Iroq Bosh vaziri Muhammad al-Sudaniy, Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Siril Ramafosa, Kipr Prezidenti Nikos Xristodulidis ham Qohiradagi sammitga yetib kelgan.

Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Norvegiya, Turkiya va Yaponiya sammitda Tashqi ishlar vazirlari darajasida qatnashmoqda. Rossiya tomonidan Prezident Vladimir Putinning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili, Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Bogdanov, Xitoy vakili sifatida Yaqin Sharq bo‘yicha vakil Chjay Yun sammitda ishtirok etmoqda.

Ayni paytda AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyatidan hech kim uchrashuvga kelmagan. Vashingtondan sammitda AQSHning Misrdagi vaqtinchalik ishlar vakili Bet Jons ishtirok etadi. Shuningdek, ko‘plab Yevropa davlatlari rahbarlarining yo‘qligi sababli, ikki anonim diplomat “Reuters” agentligiga sammit natijalaridan umidlar unchalik katta emasligini va hatto to‘liq qo‘shma bayonot bo‘lishiga kafolat ham yo‘qligini aytgan. 

“Reuters” xabariga ko‘ra, tadbirga Isroil vakili taklif qilinmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Misr Falastin Isroil G'azo Tinchlik sammiti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing