Misr va Xitoy G‘azoni qayta qurish uchun xalqaro safarbarlikka chaqirdi

Olam

image

Misr va Xitoy Bosh vazirlari G‘azo sektorini qayta qurish bo‘yicha arab-islom rejasini amalga oshirish uchun xalqaro yordamni zudlik bilan safarbar etishga chaqirdi. Bu haqda Misr hukumatining tegishli bayonoti e’lon qilindi. 

Misr Bosh vaziri Mustafo Madbuli va uning xitoylik mavqedoshi Li Syan Qohiraning sharqidagi yangi ma’muriy poytaxtda joylashgan hukumat qarorgohida uchrashuv o‘tkazgan. Muzokaralarda turli sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, mintaqaviy va xalqaro o‘zgarishlar, birinchi navbatda G‘azodagi gumanitar inqiroz muhokama qilingan.

Tomonlar hozirgi geosiyosiy noaniqlik xalqaro hamjamiyatdan mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi va mojarolarni diplomatik yo‘l bilan hal etish yo‘llarini ilgari surishni talab qilishini ta’kidladi.

Yetakchilar 4 mart kuni Qohirada bo‘lib o‘tgan Arab sammitining navbatdan tashqari yig‘ilishida qabul qilingan G‘azoni qayta qurish bo‘yicha arab-islom rejasini amalga oshirish uchun shoshilinch xalqaro safarbarlik zarurligini ta’kidladi.

Qayd etish joiz, Xitoy Bosh vaziri Li 9 iyul kuni rasmiy tashrif bilan Qohiraga bordi va prezident Abdul Fattoh as-Sisiy tomonidan qabul qilindi.

Ma’lumot uchun, arab-islom rejasi olti oylik o‘tish davri uchun G‘azo sektorini boshqarishni o‘z zimmasiga oladigan “G‘azo ma’muriy qo‘mitasi”ni yaratishni ko‘zda tutadi. Qo‘mita mustaqil va xolis texnokratlardan iborat bo‘lib, Falastin hukumati homiyligida faoliyat yuritadi.

Reja G‘azo boshqaruvini to‘liq falastinliklarga topshirishni va mahalliy tuzilmalar tomonidan barcha qarorlarni amalga oshirishni ko‘zda tutadi.

Bundan tashqari, Misr va Iordaniya G‘azoda joylashtiriladigan falastinlik politsiyachilar uchun treninglar o‘tkazish niyatida.

Misr falastinliklarning majburiy ko‘chirilishiga qarshi va Falastin milliy ishiga zarar yetkazmasdan G‘azoni qayta qurishni nazarda tutuvchi keng qamrovli arab rejasini ishlab chiqdi. Shu munosabat bilan Qohira xalqaro hamjamiyatni deportatsiya ssenariylarini rad etish va tinch yo‘l bilan hal qilishni qo‘llab-quvvatlashga chaqiradi.

Ayni paytda AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan 25 yanvardan beri ilgari surilgan falastinliklarni G‘azodan Misr va Iordaniya kabi qo‘shni davlatlarga ko‘chirish rejasi Qohira va Amman tomonidan rad etilgan. Rejaga boshqa arab davlatlari, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar ham qarshi chiqdi.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy Misr G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing