Misr va Qatar SHHTning hamkori maqomini oldi

Olam

image

Bugun, 14 sentyabr kuni Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida Misr Arab Respublikasi va Qatarga SHHTning muloqot bo‘yicha hamkori maqomini berish to‘g‘risidagi Memorandumlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lumotga ko‘ra, hujjatlarni SHHT Bosh kotibi Chjan Ming, Misr Arab Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Hamdi Sanad Loza va Qatar Davlat Tashqi ishlar davlat vaziri Sulton bin Saad al-Murayxiy imzolagan. O‘zbekiston tomonidan tadbirda Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidiqov ishtirok etdi.

Qayd etilishicha, memorandumlar SHHT va yuqoridagi davlatlar o‘rtasida mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik, savdo va investitsiya, energetika, AKT, qishloq xo‘jaligi, transport va kommunikatsiyalar, madaniyat, fan va texnologiyalar, ta’lim, sog‘liqni saqlash, turizm va boshqa sohalarda hamkorlikni nazarda tutadi.

Shuningdek, hamkor davlat maqomi tashkilotga a’zo davlatlarning taklifiga binoan SHHT doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarda ishtirok etish huquqini beradi.  Memorandumlar ular imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, Samarqanddagi SHHT sammitida bir nechta davlatga alohida maqom berish masalalari ko‘rilishi ma’lum bo‘lgandi.

Ma’lumot uchun, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi mintaqaviy xalqaro birlashma bo‘lib, 2001 yil 15 iyun kuni Shanxayda tashkil etilgan. SHHTga Rossiya, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Pokiston, Tojikiston va O‘zbekiston a’zodir. Bu yil tashkilotga raislik O‘zbekistonga o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

Misr ShHT Qatar hamkori maqomi

Baholaganlar

98

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing