Misr Prezidenti G‘azoni qayta tiklash uchun qancha mablag‘ kerak bo‘lishini aytdi

Olam

image

Isroil bosqinchilarining buzg‘unchiligi oqibatida vayron bo‘lgan G‘azo sektorini tiklash uchun 90 milliard dollardan ortiq mablag‘ kerak bo‘ladi. Bu fikrni Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi bugun, 9 mart kuni "Al Ekhbariya" telekanalida qilgan chiqishi davomida aytib o‘tdi.

"Hozirda G‘azo sektori katta fojiaga guvoh bo‘lmoqda, minglab odamlar halok bo‘ldi va bu vaziyatni o‘nglash uchun 90 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ kerak bo‘ladi", degan u.

Sisining ta’kidlashicha, Misr Falastin xalqiga hech qachon xiyonat qila olmaydi va ularni himoya qilish, qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘lidan kelganini qiladi. Shu munosabat bilan Misr rahbari Qohira G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga erishish va mintaqa aholisiga gumanitar yordam ko‘rsatish uchun barcha sa’y-harakatlarini amalga oshirayotganini ta’kidlagan.

Prezidentga ko‘ra, Misr gumanitar yordamlarni quruqlikdan tashishda yuzaga kelgan qiyinchiliklar tufayli anklav aholisiga havo orqali yordam yetkaza boshlagan. Shu bilan birga, sektor bilan chegaradagi Rafah nazorat-o‘tkazish punkti kuniga 24 soat ochiqligini va Misr rasmiylari bu imkoniyatlardan maksimal darajada foydalanishga harakat qilayotganini tasdiqlagan. 

Qolaversa, as-Sisi G‘azodagi mojaro mamlakatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini va Misr uchun ham, butun mintaqa uchun ham bu ulkan sinov ekanligini qayd etgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, har qanday sharoitda ham Misr mintaqada barqarorlik va tinchlik omili bo‘lib qoladi.

"Biz inqirozlarni boshdan kechirmoqdamiz, lekin biz janubda ham, boshqa yo‘nalishlarda ham mamlakat chegaralarini saqlab qolishda davom etamiz", degan u. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq G‘azo sektoridagi shahar va aholi punktlari ko‘chalarida kamida 12 million tonna chiqindi to‘planib qolgani, mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, yig‘ilib qolgan chiqindilarni tozalash to‘rt yildan ko‘proq vaqtni olishi mumkinligi haqida ma’lum qilgan edik.


Maqola muallifi

Teglar

Misr G'azo Abdulfattoh as-Sisi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing