Misr ham G‘azo bo‘yicha tinchlik rejasini taklif qildi

Olam

image

Misr hukumati Isroil va HAMASga G‘azo sektori ustidagi mojaroni hal qilish bo‘yicha uch bosqichdan iborat rejani taklif qildi. Bu haqda manbalarga tayanib, “Asharq News” telekanali xabar berdi

Aytilishicha, rejaning birinchi bosqichi Falastin anklavida ikki haftalik muddatga uzaytirish imkoniyati bilan gumanitar sulh joriy etishni o‘z ichiga oladi. Gumanitar pauza vaqtida HAMAS garovga olingan 40 nafar isroillik, jumladan, ayollar va bolalar hamda qariyalarni ozod qilishi kerak. Buning evaziga Isroil yahudiy davlati qamoqxonalarida saqlanayotgan 120 nafar falastinlik ayol va bolalarni ozod qiladi, jangovar harakatlarni to‘xtatadi, tanklarni olib chiqadi va G‘azo sektoriga qo‘shimcha oziq-ovqat va dori-darmon yetkazib beradi.

Ikkinchi bosqich Falastin rahbariyatidagi bo‘linishni bartaraf etish va texnokratlar hukumatini shakllantirish uchun Misr vositachiligida Falastin milliy muloqotining boshlanishini o‘z ichiga oladi. Misr tomoniga ko‘ra, yangi hukumat insonparvarlik yordami yetkazib berish va G‘azo sektorini rekonstruksiya qilish bilan shug‘ullanadi, shuningdek, Falastinda prezidentlik va parlament saylovlarini o‘tkazish uchun asos tayyorlaydi.

Uchinchi bosqichda G‘azo sektorida to‘liq va keng qamrovli o‘t ochishni to‘xtatish rejimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, HAMAS, Falastin Islomiy Jihod harakati va anklavda faoliyat yuritayotgan boshqa guruhlar Isroilning barcha harbiylarini ozod qiladi. Kelishuv doirasida taraflar Isroil tomonidan ozod qilinadigan falastinlik mahbuslar, jumladan, 7 oktyabrdan keyin hibsga olinganlar sonini aniqlaydi. Oxirgi bosqich Isroil qo‘shinlarini G‘azo sektoridan olib chiqib ketish va ko‘chirilganlarni G‘azo shahri va anklavning shimoliy hududlariga qaytarishni ham o‘z ichiga oladi.

“Asharq News” ma’lumotlariga ko‘ra, HAMASning Siyosiy byurosi rahbari Ismoil Xoniya boshchiligidagi delegatsiya Misr taklif qilgan kelishuv rejasi bo‘yicha maslahatlashish uchun Qohiradan Dohaga qaytgan. Xoniya 20 dekabr kuni Misrga falastinlik asirlar va isroillik garovga olinganlarni ozod qilish, G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami yetkazib berish va anklavni kelajakda rekonstruksiya qilish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish uchun kelgan.

Falastin rahbariyatidagi bo‘linish

1990 yillardagi Oslo muzokaralari Falastin Ozodlik Tashkiloti va Isroil o‘zaro bir-birini tan olishiga olib keldi. Imzolangan hujjatlarga muvofiq, G‘arbiy Sohil va G‘azo sektori hududlarida o‘zini o‘zi boshqarish tizimi joriy etildi. Xususan, Falastin milliy ma’muriyati oliy hokimiyat organi va parlament vakolatlari bilan ta’minlangan Falastin Qonunchilik Kengashi sifatida tashkil etilgan.

2006 yil 25 yanvarda Falastin Qonunchilik Kengashiga bo‘lib o‘tgan saylovlarda mandatlarning ko‘pchiligi Falastin Ozodlik Tashkiloti tarkibiga kirmaydigan HAMAS harakati vakillari tomonidan qo‘lga kiritildi. 2007 yilda Falastin tashkilotlari o‘rtasida mojaro kelib chiqdi – HAMAS  G‘azo sektorida hokimiyatni egallab oldi. O‘shandan beri Falastin ikki qismga bo‘lindi: G‘azo sektori HAMAS tomonidan, G‘arbiy Sohil esa Fath (Falastin Ozodlik Tashkiloti tarkibidagi eng yirik tashkilot) tomonidan nazorat qilinadi. Falastin Qonunchilik Kengashiga saylovlar bir necha bor qoldirilgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Turkiya ham G‘azoda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha o‘z rejasini taklif qilgan va unga ko‘ra, Anqara Isroil bilan tinchlik kelishuviga erishishda Falastin uchun kafil sifatida harakat qilishga tayyor ekanini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Misr Isroil G'azo HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made