Mishustin Samarqandda yana G‘arbni qoralab, O‘zbekistonni YeOIIga da’vat qildi
Jamiyat
−
02 dekabr 2022
12769G‘arbning xatti-harakatlari jahon valyutalariga bo‘lgan ishonchni va mulk daxlsizligi haqidagi tushunchani susaytirdi. Bunday sharoitda qiyinchiliklarni birgalikda hal qilish kerak. Bu haqda Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin bugun, 2 dekabr kuni Rossiya-O‘zbekiston biznes-forumida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.
“Koronavirus pandemiyasidan avval zarar ko‘rgan ko‘plab savdo, ishlab chiqarish va logistika aloqalari yangi muammolarga duch kelmoqda. Bundan tashqari, G‘arb davlatlarining xatti-harakatlari tufayli ishbilarmonlik uchun ishchanlik obro‘si, mulk daxlsizligi, shartnomalarni bajarish majburiyati va jahon valyutalariga bo‘lgan ishonch kabi asosiy tushunchalarga putur yetdi”, deydi Rossiya hukumati rahbari.
Mishustinga ko‘ra, Bunday vaziyatda mavjud va kelajakdagi muammolarga faqat birgalikda harakat qilish orqali samarali kurashish mumkin.
U “Jahon iqtisodiyoti va global bozorlar notinch holatda” ekanini ta’kidladi hamda Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning dunyo fundamental xarakterga ega bo‘lgan o‘zgarishlar davriga kirgani haqidagi so‘zlarini esladi.
Mishustin Rossiya Federatsiyasi kelgusida hamkorlikda ish olib borish uchun O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan aloqalarini chuqurlashtirish zarur deb bilishini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu bevosita hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga kuchli turtki beradi.
“Keyingi hamkorlikda ishlash uchun biz O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan aloqalarini chuqurlashtirish zarur, deb hisoblaymiz. Bozor sig‘imi, sanoat va qishloq xo‘jaligi salohiyati, iqtisodiyotlarning o‘zaro bog‘liqligi jihatidan Ittifoq yetakchi mintaqaviy integratsiya birlashmalaridan biridir. Unda 190 millionga yaqin iste’molchi bor”, deydi Mishustin.
Rossiya Bosh vaziri O‘zbekistonga kuzatuvchi davlat maqomini berish to‘g‘risidagi qaror respublika uchun iqtisodiy o‘sishning yanada yuksalishi uchun yangi ufqlarni ochganini ta’kidladi.
“YeOIIga to‘laqonli a’zolik o‘zaro hamkorlikning yangi sohalarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga kuchli turtki beradi”, deydi u.
Shuningdek, u ikki davlat rahbarlari tovar ayirboshlash hajmini o‘n milliard dollarga yetkazish vazifasini qo‘yganiga to‘xtaldi.
“Ishonamanki, biznes g‘oyalar, o‘zaro manfaatli bitimlar va loyihalar ana shunday ulug‘vor maqsadga erishishda yordam beradi. Rossiya va O‘zbekiston hukumatlari ishbilarmon doiralar tashabbuslarini maksimal darajada qo‘llab-quvvatlaydi”, deydi Mishustin.
LiveBarchasi