Mirzo Olamgir Bangladeshning yangi Prezidenti bo‘ldi

Olam

image

Bangladeshning hukmron Milliy partiyasi bosh kotibi, 78 yoshli Mirzo Faxrul Islom Olamgir mamlakatning yangi Prezidenti etib saylandi. Bu haqda parlamentda bo‘lib o‘tgan ovoz berish natijalari ko‘rsatmoqda.

Parlamentdagi ovoz berishda hokimiyat partiyasi vakilining yagona raqibi “Islom jamoati” boshchiligidagi 11 ta partiya koalitsiyasi tomonidan ushbu lavozimga nomzodi ko‘rsatilgan Bangladesh Liberal-demokratik partiyasi raisi Oli Ahmad bo‘lgan.

Saylov komissiyasi bosh komissari Nosir Uddinning ma’lum qilishicha, Olamgir 255 ta, Oli Ahmad esa 88 ta ovoz olgan. Yangi Prezident bugun, 21 avgust oqshomda qasamyod qabul qiladi.

Bangladeshda prezidentlik saylovi ilk bor deputatlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri – byulletenlarni saylov qutilariga tashlashi orqali ovoz berishi yo‘li bilan o‘tkazilgan. Saylov komissiyasi 349 nafar qonunchidan iborat saylovchilar ro‘yxatini tasdiqlagan. Ulardan 247 nafari Bangladesh Milliy partiyasi deputatlari, 90 nafari esa muxolifat koalitsiyasi vakillari. Olti nafar parlament a’zosi ovoz berishda ishtirok etmagan.

Ma’lumot uchun, Bangladeshda prezident davlat rahbari hisoblanadi, ammo uning vakolatlari asosan ramziy xususiyatiga ega. Ijro etuvchi hokimiyat bosh vazir va hukumat qo‘lida to‘plangan. Qoida tariqasida prezident ularning maslahati bilan ish yuritadi va mustaqil siyosiy qarorlar qabul qilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda davlat rahbari etib saylangan Bangladesh prezidenti Shahobiddin Chuppu joriy yilning 24 iyul kuni sog‘lig‘i yomonlashgani sababli iste’foga chiqqan edi. Mamlakat konstitutsiyasiga ko‘ra, yangi prezident saylovi 90 kun ichida parlament a’zolarining ovoz berishi orqali o‘tkazilishi kerak. Hozirda prezidentlik vazifalarini vaqtinchalik parlament spikeri Hofiz Uddin Ahmad bajarmoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing