“Artel” “Made in Uzbekistan” nomiga dog‘ tushiryaptimi?

Jamiyat

image

“Ba’zi kompaniyalarning ishlab chiqarayotgan tovarlari sifat talablariga javob bermasligi natijasida “Made in Uzbekistan” nomiga dog‘ tushirmoqda”, deb qat’iy yozmoqda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi yetakchi mutaxassisi Gulnoza Sharofova. U o‘z maqolasida “Artel” kompaniyasining muzlatgichlari va sovitkichlari yuzasidan shikoyatlar ko‘pligini ochiqlagan. Sharofova shunday yozadi:

“Yozning jazirama kunlarida insonlarning muzlatgich, havo sovitgich kabi mahsulotlarga ehtiyoji ortadi. Shu boismi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga kelib tushayotgan murojaatlar ichida aynan muzlatgich va konditsionerlarni sotib olib, so‘ngra uning sifatsizligidan norozi bo‘layotganlar soni oshib ketgan. 

Ayniqsa, “Artel” kompaniyasi ishlab chiqarayotgan mahsulotlar yuzasidan ko‘plab noroziliklarni kuzatmoqdamiz. Quyida sizga ushbu murojaatlardan ba’zilarini havola etamiz.

Farg‘onalik D.Sariboyeva “Mohigul yuksalish savdo” do‘konidan 2 mln 100 ming so‘mga muzlatgich sotib oladi, uni ishlatish jarayonida yaxshi ishlamaganligi sababli savdo do‘koni mas’uliga qo‘ng‘iroq qiladi.

Mas’ul xodim “Artel” rusumli muzlatgich bo‘lganligi sababli mazkur kompaniyaning Farg‘ona shahridagi servis markaziga yozma ravishda murojaat qilishlarini aytadi.

Servis xizmatdan mutaxassis kelib, tuzatib ketgandan so‘ng ham muzlatgich yaxshi ishlamaydi. Bundan jahli chiqqan D.Saribayev Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga murojaat qiladi.

Federatsiya xodimlari do‘kon ma’muriyati va servis xizmati xodimlariga tushuntirish ishlari olib borib, ishga qonuniy yondashganlaridan so‘ng servis markazi mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan qayta o‘rganish jarayonida muzlatgichda bartaraf qilish imkoniyati mavjud bo‘lgan nuqson aniqlanib, kafolat muddati ichida bepul ta’mirlab berildi.

Iste’molchi ta’mirdan so‘ng muzlatgichni talab darajasida, muammosiz ishlayotganligini ma’lum qildi.

Angrenlik Botirbek Qambarov “Navoiy” ko‘chasidagi do‘konlarning biridan “Artel” muzlatgichini 2.360 000 so‘mga xarid qilib olgan.

Oz fursatda muzlatgich nosozligi ma’lum bo‘lgan. Bundan norozi bo‘lib, do‘konga murojaat qilganida, tuzatish uchun servis xizmatlarga bog‘lanishlarini bildirib, muammoni o‘zlaridan soqit qilgan.

Ushbu masalaga yechimini topish maqsadida sarson- sargardon bo‘lgach, Botirbek Qambarov Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga kelib, muammosini aytadi.

Ushbu holat federatsiya xodimlari tomonidan o‘rganildi. Holat aniqlangach, uch kundan so‘ng mutasaddilar iste’molchi bilan “Navoiy” ko‘chasidagi do‘konga kelib, ishdan chiqqan muzlatgichning o‘rniga xuddi shu rusumdagi yangi muzlatgichni tekshirib, almashtirib berishdi.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga koreyalik fuqaro janob K.Xan murojaat qilgan. U joriy yil 21 iyun kunida Farg‘ona shahridagi supermarketlarning biridan 2 dona “Artel” konditsionerini umumiy 5 mln 642 ming so‘mga sotib olgan. Lekin konditsionerni o‘rnatgach, ertasi kuni ulardan birida muammolar kuzatilgan.

K.Xan sotib olingan mahsulot havoni yaxshi sovitmayotganligi yuzasidan servis markazi xodimlariga ma’lum qilgan. Markaz ustalari esa muammoni bartaraf eta olmagan. Shundan so‘ng savdo do‘koniga borib nuqsonli konditsionerni sifatlisiga almashtirib berishlarini yoki pulini qaytarishlarini so‘ragan, lekin murojaati ijobiy hal bo‘lmaganligidan norozi bo‘lgan.

Federatsiya xodimlarining aralashuvi natijasida, iste’molchining istagiga ko‘ra, nuqsonli tovar qaytarib olinib, xuddi shu markadagi sifatlisiga almashtirib berilgan. 

“Milliy mahsulot – milliy g‘urur” deya atalgach, milliy brend millatning farovon hayotiga xizmat qilishi lozim emasmi?!” 


Maqola muallifi

Teglar

Artel

Baholaganlar

264

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing