Kusherboyev Artel monopoliyasi va uning “krыsha”si haqida gapirdi
Jamiyat
−
13 Oktabr 2019
34972Toshkent shahar hokimi, taniqli tadbirkor, O‘zbekistondagi o‘nlab shirkatlar ta’sischisi Jahongir Ortiqxo‘jayevning “Artel” brendi ostidagi maishiy texnikalari nafaqat mahalliy bozorda, balki qo‘shni mamlakatlarda ham o‘z o‘rnini topishga ulgurdi. Qo‘shni mamlakatlarda ushbu brend mahsulotlari sotuvi kishini quvontirsa, mahalliy bozorda brend monopolist sifatida ko‘rib kelinadi. Ayniqsa, bu gaplar 2018 yil oxirlarida kun tartibiga chiqdi.
Xorijdan keltirilgan maishiy texnikalarga import boji oshirilishi ortida “Artel”ning ishtiroki bormi? O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev “Artel” monopoliyasi bilan bog‘liq masalalarga to‘xtaldi. Jumladan, Kusherboyev shunday yozadi:
"Bu fikrlarimni saylov jarayoni yoki boshqa shaxsiy manfaatlarga aloqasi yo‘q, deb qabul qilishlarini istardim.
Men monopoliyaning har qanday shakliga qarshiman. Bizdagi ko‘pgina mag‘lubiyatlar u sabab va afsuski davlat manfaatlari yuzasidan tabiiy monopoliyaga hozircha chidash kerak bo‘layapti, biroq bu ham vaqtincha.
Chunki monopoliya sharoitida bir inson yoki bir guruh shaxslarning boyishi, yaxshi yashashi uchun boshqalar qurbon qilinadi.
Monopoliya erkinlikni cheklaydi, raqobatni o‘ldiradi, rivojlanishni ortga qaytaradi, u jamiyatni iqtisodiy qullikka yetaklaydi. Balki oshirvorgandirman, lekin bor gap shu".
Deputatning qayd etishicha, “Artel” rasman monopolist bo‘lishga intilmayapti. Norasman esa...
“Artel” monopolist emasligiga ishongimiz keladi, haqiqatan de yure u monopolist emas va bunga intilmayapti, biroq de fakto intilayapti. Buni import mahsulotlariga qo‘yilayotgan turli to‘siq va oshirilgan bojlar misolida ko‘rsa ham bo‘ladi.
Yaqinda iqtisodchi Yuliy Yusupov importdagi cheklovlar ortidan “Artel”ni qulog‘i ko‘rinayotganini, bizning vazirlik va idoralar birgina kompaniya manfaatlari uchun ishlayotgandek tuyulayotganini bildirgandi. O‘z o‘rnida “Artel” normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishiga hech qanday aloqasi yo‘qligini, O‘zbekistonda iqtisodiyot erkin bozor prinsiplariga ko‘ra ishlashini ma’lum qildi. Oddiy aytganda, “Artel” lobbizm bilan shug‘ullanmagan. Men bunga ishonaman. Chunki rasman “Artel”da siyosatda lobbizm uchun siyosiy suyanchiq yo‘q. Amalda esa... Unga birgina shu narsa rasman yetishmayotgandi”, deb yozadi Kusherboyev.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylangan va navbatdagi saylovlarda ham nomzodini qo‘ymoqchi ekanini yashirmayotgan Kusherboyev so‘zida davom etarkan, “Artel” siyosiy kuch sifatida "Milliy tiklanish" partiyasiga suyanayotganini aytadi.
“Kuni kecha “Artel” "Milliy tiklanish" partiyasini tanlaganini angladim. Partiya emas, "Artel" tanladi va monopoliya sari intilishda siyosiy "krыsha"ga ega bo‘ldi rasman. Endi lobbizm bilan rasman shug‘ullanish va qonunchilik orqali de yure monopol bo‘lishga harakat qilish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Iqtisodiyotda barcha uchun teng imkoniyat va sharoitlar yaratilmas ekan, ko‘pchilik kamchilikning manfaati uchun qullikka mahkum bo‘ladi. Biz iqtisodiyotda erkinlik, tenglik va monopoliyadan holilik tarafdorimiz.
"Milliy tiklanish"ga e’tirozim yo‘q, omadini bersin. Faqat monopoliya nima ekanligini unutmasalar bo‘ldi.
O‘zimni esa bir savol o‘ylantirayapti: “Artel” monopoliya uchun "krыsha"likka boshqa partiyani tanlaganda, vaziyat qanday bo‘lardi?”, deb so‘zlarini yakunlaydi Kusherboyev.
LiveBarchasi