Sirdaryodagi toshqinni muhokama qilish uchun Qozog‘istondan maxsus guruh kelyapti

Jamiyat

image

Qozog‘istonning Turkiston viloyati hokimi Umirzoq Shukeyev Maqtaorol tumanidagi suv toshqinini muhokama qilish uchun Sirdaryo viloyatiga yo‘l oldi. Bu haqda zakon.kz xabar berdi.

Ishchi guruhi O‘zbekistonda tegishli vazirliklar bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.

“Maxsus guruh O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev va Sirdaryo viloyati rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazadi. Umuman olganda, ushbu holat har ikki mamlakat hukumati bilan birgalikda muhokama qilinadi va hal etiladi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hududga 300 million kubometr suv kirib kelgan.

Bunday yirik hajm birinchi marta qayd etilmoqda. Hozircha hech qanday xavf yo‘q, deb aytishga juda erta. O‘zbekiston tomonidan suv oqimi hali qaysi yo‘nalishda kelishi noma’lum, chunki qo‘shni davlat bilan hozirgi vaziyat haqida ma’lumot almashish tizimlashtirilmagan”, deb ta’kidlagan Turkiston viloyati hokimining o‘rinbosari Saken Kalkamanov.

Shuningdek, xabarda aytilishicha, ayni paytda hududdagi Firdavsiy qishlog‘i to‘liq suv ostida qolgan, Mirzakent qishlog‘ini to‘liq suv bosmasligi uchun to‘g‘on qurilmoqda. Bundan tashqari, Maqtaorol tumanida suv toshqini yuz berishi mumkin bo‘lgan yana 7 ta aholi punkti aniqlangan.

Eslatib o‘tamiz, Sirdaryoda 1 may kuni tongda Sardoba suv ombori to‘g‘oni piketlaridan birining yorilib ketishi oqibatida suv toshqini yuz bergan, 2 may holatiga ko‘ra, 70 mingga yaqin aholi xavfsiz hududga ko‘chirilgan, kamida 56 kishi turli tan jarohatlari bilan kasalxonalarga yotqizilgan. Hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlarini DXX olib borishi belgilangan.

Suv toshqini oqibatida Qozog‘istonning Turkiston viloyati Maqtaorol tumani hududida texnogen xususiyatga ega favqulodda holat e’lon qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Qozog'iston Sardoba suv ombori toshqin

Baholaganlar

43

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing