Mirziyoyevning yutish ehtimoli yuqori, qolganlar unga teng ham kelolmaydi – Kusherboyev Prezident saylovi haqida

Intervyu

O‘zbekistonda oktyabr oyida kutilayotgan navbatdagi Prezident sayloviga amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev o‘z nomzodini qo‘ysa, odamlar katta ehtimol bilan uni saylaydi va boshqa partiyalar shunchaki ishtirokchi bo‘lib qolaveradi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida so‘z ochdi. 

“Men bir narsani bilaman. Amaldagi davlat rahbari yana bir marta o‘z nomzodini qo‘yish huquqi bor. Katta ehtimol bilan shu huquqdan foydalanadi. Agar bundan foydalanishsa, qolgan partiyalar kimni nomzodini qo‘yishidan qat’i nazar, ular shunchaki ishtirokchi bo‘ladi, xolos. Fikrim shunday. Shu jumladan “Milliy tiklanish” partiyasi ham”, deydi Rasul Kusherboyev.

Deputat so‘zida davom etarkan, “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirovning QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusini ko‘rgani, biroq undan Prezident bo‘lishga haqiqiy intilishni, da’voni va buning uchun takliflarni, yutamiz degan gapni eshitmaganini, o‘ziga ishonchi yo‘qligini aytadi. 

Qodirov intervyuda o‘zgartirish haqida gapirgandi. Bunga javoban Kusherboyev shunday deydi:

“Nimani o‘zgartiradi?! Agar bu partiya nomzodi saylanmasa, nimani o‘zgartiradi?! O‘zlari partiyada “richag” bo‘lishi kerak”. 

Kusherboyevga ko‘ra, Qodirov amaldagi Prezident va amaldagi Hukumatning faoliyatidagi xato va kamchiliklarni ko‘rsatib berolmagan. Muammolarga yechim taklif etmagan.

“Gap O‘zLiDePning saylovi haqida ketmayapti. Gap Prezidentlikka saylov haqida ketyapti. Amaldagi Prezident nima xatolarga yo‘l qo‘ydi, partiya birma-bir sanab chiqdimi? Ya’ni Prezidentlikka nomzod olib chiqadigan siyosiy kuch amaldagi Prezident darajasidagi salohiyatli kadrlar bilan chiqishi kerak”, deydi Kusherboyev. 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 90-moddasiga binoan amaldagi davlat rahbari ikkinchi muddatga saylanishi mumkin. Kusherboyevga ko‘ra, agar Mirziyoyev saylovda nomzod o‘laroq ishtirok etsa, qolgan raqobatchilari unga teng kelolmaydi ham. 

“Amaldagi davlat rahbari o‘z nomzodini qo‘ysa, yutish ehtimoli juda yuqori. Qolganlar raqobatlashish, mos kelishi darajasiga ishonmayman. Qat’iyatliroq bo‘lish va qat’iy masalalarni qo‘yish kerak.

Partiya liderining gapini eshitib, uning o‘zida ham jur’at ko‘rmadim. Saylov bo‘ladi, nomzodlar qo‘yiladi, tanlov imkoniyati bo‘ladi. Kimdir ko‘p, kimdir kam ovoz oladi. Eng muhimi odamlarga saylov kabinalari tashkil qilinyapti. Ular saylashadi. Gap nomzod bo‘ladigan odamning qanchalik qat’iyatliligi va odamlarni ishontira olishida”, deydi deputat.

Eslatib o‘tamiz, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi raisi Aktam Haitov ham QALAMPIR.UZ'ga bergan intervyusida Prezident saylovida O‘zLiDePning nomzodi katta ehtimol bilan Shavkat Mirziyoyev bo‘lishini aytgan edi. 

Rasul Kusherboyev bilan to‘liq intervyuni QALAMPIR.UZ'ning YouTube'dagi sahifasida yoki quyidagi videopleyerda tomosha qilishingiz mumkin


Maqola muallifi

Teglar

Rasul Kusherboev Prezident saylovi

Baholaganlar

297

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing