Mirziyoyevga Ka’ba yopinchig‘ining bir bo‘lagi topshirildi
Jamiyat
−
19 fevral
19594Bugun, 19 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda tashrif bilan bo‘lib turgan Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon Mirziyoyevga Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon Ol Saud va Valiahd, mamlakat Bosh vaziri Muhammad Ol Saudning salomi va samimiy tilaklarini yetkazgan. Vazir, shuningdek, Podshohning ko‘p millatli O‘zbekiston xalqiga hadyasi – muqaddas Ka’ba yopinchig‘ining bir bo‘lagini topshirgan.
“O‘zbekiston yetakchisi, o‘z navbatida, Saudiya Arabistoni rahbariyatiga bebaho tuhfa hamda ziyoratchilarimizning musulmon dunyosi markazlari - Makka va Madinada bo‘lishi uchun yaratilgan imkoniyatlar va qulay sharoitlar uchun chuqur minnatdorlik bildirdi. Birgina o‘tgan yilning o‘zida 800 mingdan ziyod fuqarolarimiz Umra ziyoratini, 15 ming nafari Haj ibodatini ado etdi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, suhbat chog‘ida o‘zbekistonlik ziyoratchilarga shart-sharoitlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yaxshilash, ularning Saudiya Arabistoniga tashrifi xavfsiz va qulay bo‘lishini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 18 fevral kuni Saudiya Arabistonining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan Haj va Umra ziyorati vazirligi hamda Axborotlashtirish vazirligi rahbariyati ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tgan va unda ziyoratlar bo‘yicha muhim yangiliklar aytilgandi.