Kurs UZS

USD

12 938.11

18.11

EUR

14 076.66

-25.52

RUB

149.99

0.47

Aholisi 37 mln kishilik O‘zbekistonga Haj ziyorati uchun 15 ming kvota yetadimi?

Jamiyat

2022 yilda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Saudiya Arabistoni Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabiya uchrashuvida o‘zbekistonliklar uchun yillik Haj kvotasini ikki barobar — 24 ming nafargacha, Umra kvotasini esa 100 ming nafargacha oshirish yuzasidan kelishuvga erishilgan edi. Ammo bu kelishuv amalda o‘z tasdig‘ini topmay, har yili O‘zbekiston uchun ajratilajak kvotalar miqdori bu darajaga yetmayapti. Masalan, “Haj–2025” ziyorati uchun ham O‘zbekistonga Saudiya Arabistoni tomonidan 15 mingta kvota ajratildi.  Buning sababi nimada?

Bugun, 18 fevral kuni Saudiya Arabistonining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan Haj va Umra ziyorati vazirligi hamda Axborotlashtirish vazirligi rahbariyati ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi va unda ziyoratlar bo‘yicha muhim yangiliklar aytildi.

“Biz bu miqdorni belgilashdan oldin O‘zbekiston tomonining mutasaddi tashkilotlari bilan bu borada gaplashamiz. So‘nggi kelishuvga binoan aynan shuncha kvota belgilangan”, dedi Saudiya Arabistonining Haj va Umra vaziri doktor Tavfiq bin Favzon Ar-Rabi’a.

Anjumanda aytilishicha, Saudiya Arabistoniga O‘zbekistondan tashrif buyuruvchilar soni 2020 yildan 2024 yilgacha deyarli 100 barobar oshdi. 2024 yilda yoki umuman olganda, O‘zbekistondan tashrif buyuruvchilarning soni yarim millionga yaqinlashgan. 

“Joriy yilda 15,000 nafar o‘zbekistonlik mehmonlarimizni kutib olamiz. Biz ularning safarini unutilmas qilish uchun barcha xizmatlar va qulayliklarni taqdim etishga intilmoqdamiz”, dedi u.

Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘zining “Nigoh– 2030” strategiyasiga ko‘ra, 2030 yilgacha Haj va Umra ziyorati bo‘yicha bir qator islohotlarni amalga oshirmoqchi. Unga ko‘ra, Umra ziyoratchilari uchun bir qator yengilliklarni yaratish belgilangan. O‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun ham.

“Shuni ham ta’kidlashni istardimki, Raiyatning 2030 yilgi dasturlaridan biri  qirollikka kirishni osonlashtirishga qaratilgan. Shuning uchun, siz hozirda qirollikka kirish yanada osonlashganini ko‘rishingiz mumkin.  Parvozlar soni sezilarli darajada oshdi. Aeroportlar soni ko‘paydi. Transport vositalari soni oshdi. Bularning barchasi qirollikka kirishni osonlashtiradi. Biz tajribamizni ham kengaytirdik. Ko‘plab tarixiy joylarni rivojlantirish ustida ishladik. Makkai Mukarrama va Madinai Munavvara dunyoning eng muhim tarixiy joylari bo‘ldi. Chunki bu shaharlarda Payg‘ambarimizning (s.a.v) xabari yuborilgan. Allohning Rasulining ushbu ikki shaharda uzoq yillik tarixi bor. Shu sababli, biz 15 ta tarixiy joyni rivojlantirdik, va endilikda bizda 25 ta tarixiy joy mavjud. Alhamdulillah, kelajakda ijobiy rivojlanishni ko‘rmoqdamiz”, dedi vazir.

Shuningdek, Saudiya Arabistoniga borish va muqaddas qadamjolarni ziyorat qilishga viza talablari mavjud bo‘lib, bu ziyoratchilar uchun ba’zan ayrim qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Podshohlik yaqin yillarda viza talablarini yengillashtirish niyatidami?

“Viza rejimi bo‘yicha yangiliklar juda ko‘p. Ayni paytda O‘zbekiston fuqarolari uchun ko‘plab qulayliklar mavjud, masalan, elektron vizaning mavjudligi, har qanday O‘zbekiston fuqarosi sayohat qilishdan oldin yoki kelishdan keyin ham elektron turistik vizaga murojaat qilishi mumkin. Shunday bo‘lsa-da, biz har doim safar oldidan murojaat qilishni tavsiya qilamiz. Bu oldinlari katta ovoragarchilikni talab qilardi. Shuningdek, biz Toshkentda 100 kunlik viza markazini ochdik, u yerda siz markazga 100 kunlik viza uchun murojaat qilishingiz mumkin. Biz aviakompaniyalar bilan ham ishladik. Aviakompaniya reyslar sonini haftalik 8 tadan 12 haftaga oshiradi. Saudiya havo yo‘llari ham joriy yilning ikkinchi yarmida parvozlar sonini ko‘paytiradi va yana 30 ming o‘rinni qo‘shadi. Bu tartiblarning barchasi O‘zbekiston fuqarolariga eng yaxshi xizmatlardan foydalanishni osonlashtiradi”, dedi doktor Tavfiq bin Favzon Ar-Rabi’a.

Saudiya Arabistoni podshohligi 2024 yilda 18 mln nafar ziyoratchini qabul qilgan. 2023 yilda ularning soni 13,5 mln bo‘lgan. Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, mana shuncha ziyoratchilar ortidan podshohlik qancha foyda ko‘radi?

“Biz avvalo Haj va Umra ziyoratini daromad olish uchun tashkillashtirmaymiz. Bizning bundan daromadimiz yo‘q. Aksincha, biz mehmonlarga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun pul sarflaymiz. Ya’ni qisqacha aytganda, biz olmaymiz, beramiz”, dedi vazirlik mas’uli.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Saudiyaga boradigan ziyoratchilar bo‘yicha dunyo reytingida 10-o‘rinni egallagani haqida xabar bergan edik.


Maqola muallifi

Teglar

Saudiya Arabistoni Haj kvota Tavfiq bin Favzon Ar-Rabi'a

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing