Mirziyoyev Yevropa bilan qanday hamkorlik qilmoqchi? Qanday takliflar bor?

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 27 oktyabr kuni Ostona shahrida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formatidagi delegatsiyalar rahbarlarining majlisida ishtirok etib, mintaqaning Yevropa Ittifoqi bilan hamkorligini izchil chuqurlashtirishga chaqirdi va bu borada qator ustuvor yo‘nalishlarni ko‘rsatib o‘tdi.

Uning qayd etishicha, eng avvalo, savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga doir kompleks masalalarni hal etish zarur. Bular:

•    sanoat mahsulotlarimizning Yevropaning yuqori standartlari va texnik reglamentlariga muvofiqligini ta’minlash;

•    hozirgi mavjud cheklovlarni hisobga olgan holda YeI bozorlariga chiqish uchun eng maqbul samarali transport-logistika koridorlarini yaratish, eng avvalo, Transkaspiy multimodal marshrutini rivojlantirish;

•    yevropalik iste’molchilar o‘rtasida Markaziy Osiyo mamlakatlari mahsulotlarining tanilishi va xaridorgir bo‘lishi uchun qo‘shma marketing tadqiqotlari hamda maqsadli tadbir va aksiyalar o‘tkazish;

•    Yevropaning investitsiyalari va texnologiyalariga bo‘lgan katta ehtiyojni qondirish.

Ushbu masalalarni tizimli ravishda hal qilish uchun Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” iqtisodiy hamkorlik qo‘mitasini ta’sis etish hamda “Global Gateway” tashabbusining maqsad va vazifalarini qamrab olgan holda Savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish va o‘zaro transport-kommunikatsiya bog‘liqlikni rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli strategik dastur ishlab chiqishni taklif qildi.

Bundan tashqari, davlat rahbari Yevropa tomonini mintaqada qabul qilingan “Yashil kun tartibi” dasturini amalga oshirishda faol ishtirok etishga, jumladan, eko-innovatsiyalar, energiya samarador va resurs tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish, iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish, “Smart-AKIS” Yevropa tarmog‘i yordamida “aqlli” qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari imkoniyatlarini ishga solishga chaqirdi.

Gumanitar sohada hamkorlikni ta’lim va innovatsiya almashinuvlari, madaniy va sayyohlik aloqalari kabi yo‘nalishlarda faollashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

 “Erazmus plyus” va «”Gorizont Yevropa” dasturlari doirasida ta’lim bo‘yicha Yevropaning ilg‘or metodikalarini joriy etish loyihasini amalga oshirish, qo‘shma fundamental va amaliy tadqiqotlarni o‘tkazishni tashkil etish taklif qilindi.

Yevropalik hamkorlarni mintaqa xalqlarining noyob tarixiy merosi, boy madaniyati va an’analari bilan keng tanishtirish maqsadida noyabr oyining ikkinchi yarmida Parijning Luvr muzeyida yirik ko‘rgazma tashkil etish rejalashtirilgan.

“Bunday tadbirlarni har yili – Yevropa davlatlarining poytaxtlarida va madaniyat markazlarida hamkorlikda o‘tkazib borish tarafdorimiz”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston rahbari turizm sohasida ulkan salohiyat borligini ta’kidlab, kelgusi yilda Xiva shahrida o‘tkaziladigan “YeI – Markaziy Osiyo” birinchi turizm forumi doirasida Yevropaning yetakchi operatorlari e’tiboriga Umumiy mintaqaviy turizm mahsulotlari konsepsiyasini taqdim etishni taklif etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

96

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing