Mirziyoyev YeTTB rahbari bilan uchrashdi
Jamiyat
−
01 may
3700Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 1 may kuni uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi arafasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) prezidenti Odil Reno-Basso boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda keyingi yillarda O‘zbekiston bilan YeTTB o‘rtasida sheriklikning yuksak darajasiga erishilgani, yaqin va samarali hamkorlik qilinayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etilgan.
Bugungi kunda bankning mamlakatdagi loyihalari portfeli 4,4 milliard yevrodan oshgan. Ularda xususiy sektor ulushi 70 foizga yaqinlashgan.
Hamkorlik yo‘nalishlari va ko‘lamini, eng avvalo, kichik va o‘rta biznes, xotin-qizlar tadbirkorligi, muqobil energetika, raqamli texnologiyalar kabi sohalarda kengaytirish maqsadida O‘zbekiston va YeTTB o‘rtasida yangi Sheriklik strategiyasi qabul qilingan.
"Bankning faol ko‘magi va bevosita ishtirokida davlat korxonalarini xususiylashtirishga tayyorlash tadbirlari olib borilmoqda, bank-moliya sohasida yirik bitimlar amalga oshirildi, “yashil” energetika, transport infratuzilmasi, ekologiya, va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda me’yoriy-huquqiy baza takomillashtirilmoqda", deyiladi xabarda.
Davlat rahbari suv ta’minoti, energetika, yo‘l infratuzilmasi, “yashil” shaharlarni rivojlantirish borasida yangi loyihalarni tez fursatda tayyorlash va amalga oshirish muhimligini ta’kidlagan.
Shuningdek, bo‘lajak Xorijiy investorlar kengashi majlisining kun tartibi yuzasidan ham fikr almashilgan.
LiveBarchasi