Mirziyoyev yoshlar bandligini ta’minlashda oqsayotgan tumanlarni tanqid qildi
Jamiyat
−
11 aprel 2023
8868O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatdagi yoshlarning bandligini ta’minlash oqsayotgan tumanlarni keskin tanqid qildi. Bu haqda u bugun, 11 aprel kuni davlat rahbari raisligida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish borasidagi dolzarb vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda aytib o‘tdi.
Aytilishicha, yaratilgan sharoitga qaramasdan, ayrim hokimlar va vazirlar yoshlar masalalari bilan jiddiy shug‘ullanmayapti. Ayniqsa, Termiz shahri, Chiroqchi, Kasbi, Urgut, Sherobod, Angor, Uzun, Muzrabot, Amudaryo, Dehqonobod, Oltinsoy, Sharof Rashidov, Asaka, Qamashi, Taxiatosh va Peshku tumanlarida yoshlarning bandligini ta’minlash oqsayotgani tanqid qilindi.
“Barcha rahbarlar bir narsani bilib olsin: ertangi kunimiz egalari bo‘lgan yoshlar bilan ishlash – biz uchun hayot-mamot masalasi! Biz yoshlarga bugundanoq sharoit qilib bermasak, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha inqilobiy tashabbuslarni ilgari surmasak, Yangi O‘zbekistonni qanday barpo qilamiz?” dedi davlat rahbari.
Shuningdek, yig‘ilishda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha sezilarli ishlar amalga oshirilgani ta’kidlandi. Jumladan:
- 130 ming talaba yoshlarga 1,7 trillion so‘m ta’lim krediti berildi, xotin-qizlarning magistraturada o‘qishi bepul bo‘ldi;
- 53 ming nafar ehtiyojmand talabalarga o‘qish uchun kontrakt pullari to‘landi;
- 81 ming talabaga uy-joy ijara to‘lovi ajratildi, 15,5 ming yoshlarga harbiy xizmat uchun mablag‘ to‘lab berildi;
- 13 ming yoshlarga chet tillari bo‘yicha sertifikat olish xarajati to‘lab berildi;
- “Yoshlar daftari” orqali 300 ming yoshlarga qariyb 600 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatildi.