Mirziyoyev YeOII davlatlarini O‘zbekistondan Pokistonga temir yo‘l qurishga chaqirdi
Jamiyat
−
25 may 2023
6095Rasmiy Toshkent O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston temir yo‘l loyihasini ishlab chiqmoqda va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining (YeOII) boshqa mamlakatlarini ham bu ishga qo‘shilishga taklif qilmoqda. Bu haqda bugun, 25 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi, deb yozmoqda TASS.
Moskvadagi Katta Kreml saroyida bo‘lib o‘tgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining kengaytirilgan tarkibdagi majlisida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi hay’ati raisi Mixail Myasnikovich ishtirok etgan. Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston rahbari Imomali Rahmon videoaloqa orqali ishtirok etgan.
Yig‘ilishga Ozarbayjon Prezident Ilhom Aliyev ham taklif qilingan.
“Hozirgi voqelikda muqobil transport yo‘laklarini shakllantirish va barqaror ta’minot zanjirlarini yaratish bo‘yicha qo‘shma ishlarni kuchaytirish muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, sizni O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston temir yo‘li qurilishi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha loyiha ofisining ishiga taklif qilamiz”, degan Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 24 may kuni Rossiya poytaxti Moskvadagi “Zaryade” konsert zalida II Yevroosiyo iqtisodiy forumining yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov ishtirok etdi.
LiveBarchasi