Mirziyoyev YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili bilan uchrashdi
Jamiyat
−
13 may
2594Bugun, 13 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Eduards Stipraysni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
YeIning maxsus vakili Yevrokengash Prezidenti Antoniu Koshta va Yevrokomissiya Prezidenti Ursula fon der Lyayenning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.
Shuningdek, joriy yilning aprel oyida Samarqand shahrida o‘tgan “Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitida qabul qilingan qarorlarni amalga oshirish doirasida ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilingan.
Investitsiyaviy va moliyaviy-texnik hamkorlik bo‘yicha umumiy qiymati 12 milliard yevrolik aniq loyihalarni tez fursatda tayyorlash va ilgari surishga alohida e’tibor qaratilgan.
Mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashilgan, shuningdek, bo‘lajak tadbirlar rejasi ko‘rib chiqilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 2 aprel kuni Antoniu Koshta va Ursula fon der Lyayen “Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi” formatidagi birinchi oliy darajadagi sammitda qatnashish uchun Samarqandga kelgandi. 3 aprel kuni Shavkat Mirziyoyev Antoniu Koshta va Ursula fon der Lyayen bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ularning huzurida Toshkentda Yevropa investitsiya bankining mintaqaviy ofisini ta’sis etish to‘g‘risida bitim imzolangandi.
4 aprel kuni esa ular “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti va Samarqand xalqaro iqlim forumida ishtirok etgandi.
LiveBarchasi