Mirziyoyev Yangi taraqqiyot banki rahbarini qabul qildi
Jamiyat
−
23 Oktabr
3277Bugun, 23 oktyabr kuni BRICS sammiti tadbirlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev birlashmaning Yangi taraqqiyot banki prezidenti Dilma Rusefni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu nufuzli ko‘p tomonlama moliyaviy institut bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Ta’lim va texnologik rivojlanish sohasidagi dastur va loyihalar, ijtimoiy sohani qo‘llab-quvvatlash, sanoat, infratuzilma va logistikani modernizatsiya qilish, raqamlashtirish, energetika va kommunal tarmoqlar sheriklikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.
Hamkorlik bo‘yicha aniq loyihalarini tayyorlash uchun qo‘shma ekspertlar guruhini tuzishga kelishib olindi.
Eslatib o‘tamiz, Mirziyoyev bugun, 23 oktyabr kuni BRICS sammitida qatnashish uchun Qozonga yetib borgandi. Modi ham shu sammitda ishtirok etmoqda.
22-24 oktyabr kunlari Qozon shahrida Rossiya Federatsiyasining assotsiatsiyaga raisligining muhim voqeasi bo‘lgan BRICS’ga a’zo davlatlar rahbarlarining o‘n oltinchi sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Unda 30 dan ortiq davlat vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Oldinroq Mirziyoyev sammit doirasida Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashuv o‘tkazgandi.
LiveBarchasi