Mirziyoyev Yangi Namangan shahri qurilishi bilan tanishdi
Jamiyat
−
26 mart
3851Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Namangan shahri qurilishi bosqichlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, davlat rahbari tashabbusi bilan 2017 yilda To‘raqo‘rg‘on tumanida Is’hoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabi, bog‘ va muzey barpo etilgan edi. Shavkat Mirziyoyev 2021 yilda namanganlik saylovchilar bilan uchrashuvda jadid bobo nomida chet tillari oliygohi tashkil qilish maqsadini aytgandi. Bu hayotga ko‘chib, 2022 yilda To‘raqo‘rg‘on tumanida shunday institut tashkil topdi.
Institutda jahon tillari fakulteti, 6 ta kafedra va 16 ta ta’lim yo‘nalishi bor. Hozirda ikki bosqichda 1 ming 523 nafar talaba saboq olmoqda. Kelgusi yillarda ularning soni yana ortadi. Shuning uchun Yangi Namangan hududida 5 gektar joyda oliygoh uchun yangi kampus qurilmoqda.
Prezident ushbu bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirgan. Hozirda ming o‘rinli o‘quv binosi, sport zali, oshxona qad rostlagan. Ularni shu yil avgustda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Keyingi bosqichlarda talabalar yotoqxonasi va yana bir o‘quv binosi barpo qilinishi ko‘zda tutilgan.
Prezident shu yerda Yangi Namangan shahri qurilishi bosqichlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Uning qurilishi ikki yil oldin boshlangan edi. Bugungi kunda 2 ming 764 ta xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar barpo etilgan, yana 648 ta xonadonli uylar qurilmoqda.
Bu shahar 200 ming aholiga mo‘ljallangan. Unda bog‘cha, maktab va boshqa ijtimoiy muassasalar, ish o‘rinlari uchun sanoat zonasi bo‘ladi. “Yangi O‘zbekiston” bog‘i ham shu yerda barpo etiladi. Davlat rahbari bu qulaylik, xavfsizlik, sifatli ekspluatatsiyani mujassam etgan aqlli shahar bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Shu bois loyihani yana bir bor sinchiklab ko‘rib chiqish, sifat nazoratini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.