Mirziyoyev “Yagona Xitoy” siyosati borasidagi pozitsiya o‘zgarmas ekanini tasdiqladi
Jamiyat
−
24 yanvar
5682Bugun, 24 yanvar kuni Pekin shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv avvalida Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoy yetakchisiga tashrif bilan kelish taklifi va ko‘rsatilayotgan iliq mehmondo‘stlik hamda Yangi O‘zbekistondagi islohotlarning yuksak e’tirofi uchun minnatdorlik bildirgan.
“Davlat rahbarlari keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlar rivojida kuchli sur’atga erishilganini ta’kidladilar. Barcha darajalarda aloqalar faollashib, siyosiy muloqot mustahkamlanib borayotgani, mamlakatlar muhim masalalar yuzasidan bir-birini qo‘llab-quvvatlayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi”, deyiladi xabarda.
O‘zbekiston Prezidenti XXR Raisiga kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikka shaxsan e’tibor qarayotgani va qo‘llab-quvvatlayotgani uchun tashakkur bildirdi.
Shuningdek, tomonlar O‘zbekistonda Xitoyning “Lu Ban ustaxonasi” professional ta’lim tizimini joriy qilish bo‘yicha pilot loyiha boshlanganini olqishladi.
Yetakchilar infratuzilma, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi va “yashil” energetikada texnologiyalar transferi sohalarida hamkorlik dasturlarini tayyorlash va qabul qilishga kelishib oldi.
Shu ma’noda, o‘tgan yil oxirida O‘zbekistonda Xitoy kompaniyalari ishtirokida quvvati 1000 megavattlik ikkita yangi quyosh elektr stansiyalari foydalanishga topshirilgani qayd etildi.
Xitoyning yetakchi banklari, “Ipak yo‘li” fondi va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan samarali moliyaviy-texnik hamkorlikning bugungi darajasi yuqori baholandi.
Mirziyoyev investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlashning moliyaviy vositalarini kengaytirish, jumladan, qo‘shma platforma yaratish borasida kelishuvlarga erishilganini, shuningdek, Xitoy Eksimbankining Toshkent shahrida Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy ofis ochish qarorini olqishladi.
U xitoylik sheriklarni O‘zbekistondagi davlat korxonalari va banklarini xususiylashtirish jarayonlarida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Shu bilan birga, yetakchilar hududlararo almashinuvlar faollashganiga mamnuniyat bildirdi. Bu boradagi hamkorlikni muvofiqlashtirish uchun O‘zbekiston va Xitoy hududlari kengashini tuzishga kelishib oldi.
“Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida Transmintaqaviy transport va tranzit ko‘prigining muhim tarkibiy qismi bo‘ladigan “Xitoy – Qirg‘iziston - O‘zbekiston” temiryo‘lini qurish bo‘yicha amaliy ishlarni tez fursatda boshlash muhim ekani ta’kidlandi. Kuni kecha Pekinda birinchi ta’lim forumi, Shanxayda O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari ko‘rgazmasi muvaffaqiyatli o‘tgani qayd etildi. Shu kunlarda o‘tayotgan O‘zbekiston madaniyati kunlari doirasidagi tadbirlar Xitoy poytaxti aholisi va mehmonlarida katta qiziqish uyg‘otdi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, muzokaralar davomida ta’lim va turizm sohasidagi hamkorlikni faollashtirish, o‘zaro madaniyat kunlarini o‘tkazish amaliyotini davom ettirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Qo‘shma Yoshlar innovatsiya forumini o‘tkazish taklif qilindi.
Bildirilishicha, rejalashtirilgan barcha tadbirlar va ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish maqsadida tomonlar Hukumatlararo qo‘mita va uning barcha kichik qo‘mitalari yig‘ilishlarini joriy yilning birinchi yarmida o‘tkazishga ahdlashib olgan.
Bundan tashqari, mintaqaviy kun tartibi va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi. Shu o‘rinda, “Yagona Xitoy” siyosati hamda “uch yovuz kuch”ga qarshi kurashish borasidagi pozitsiya o‘zgarmas ekani tasdiqlandi.
Muzokaralar yakunida Mirziyoyev XXR rahbarini tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif qildi hamda Xitoy xalqining yaqinlashib kelayotgan xitoycha Yangi yil – “Chun Sze” bayrami bilan tabrikladi.
LiveBarchasi