Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston rahbari OAVga bayonot berdi
Olam
−
24 iyun
3491Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux o‘tkazilgan muzokaralar natijalariga doir fikrlarini bayon qildi. Bu haqda O‘zbekiston rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari o‘z nutqining boshida Mo‘g‘uliston xalqini yaqinlashib kelayotgan milliy bayram – Xalq inqilobi kuni bilan samimiy muborakbod etgan.
“Mo‘g‘ulistonlik do‘stlarimizning ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishdagi e’tiborga loyiq muvaffaqiyatlari va yutuqlaridan chin dildan xursandmiz, sizning tinchliksevar tashqi siyosatingizni to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz”, degan Mirziyoyev.
Bugungi kunda Mo‘g‘uliston iqtisodiyoti barqaror yuqori o‘sish sur’atlarini ko‘rsatayotgani ta’kidlangan.
O‘zbekiston Prezidentining Mo‘g‘ulistonga ilk tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari rivojida tarixiy voqea bo‘lgani alohida qayd etildi.
Mirziyoyev tashrifning asosiy natijalaridan biri sifatida O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston hamkorligida yangi bosqichni boshlab beradigan muhim hujjat – Keng qamrovli sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya imzolanganini ta’kidlagan.
O‘zbekiston Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarda asosiy e’tibor iqtisodiy hamkorlikka qaratilgan. Yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini, eng avvalo, xaridorgir mahsulotlar nomenklaturasi va hajmini kengaytirish orqali bir necha barobar oshirish vazifalari belgilangan. Ulan-Batorda ko‘rgazma zaliga ega bo‘lgan O‘zbekiston savdo uyi ochilishi bu ishlar uchun amaliy asos bo‘lishi ta’kidlangan.
Bundan tashqari, muzokaralar chog‘ida ikki mamlakat iqtisodiyotlari bir-birini samarali to‘ldirishi mumkin bo‘lgan tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasining aniq yo‘nalishlari belgilab olingan.
Tomonlar muntazam ravishda o‘zaro konsertlar, ko‘rgazmalar, kino namoyishlari uyushtirish, festivallarda ishtirok etishga kelishib olgan.
Shuningdek, O‘zbekiston rahbari ajratilayotgan kvotalar doirasida mo‘g‘ulistonlik yoshlarning O‘zbekistondagi yetakchi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olishini qayta yo‘lga qo‘yishga tayyorligini bildirgan.
Erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun ikki mamlakat hukumatlari tomonidan keng qamrovli “yo‘l xaritasi” qabul qilinishi ta’kidlangan.
So‘zining yakunida davlat rahbari Mo‘g‘uliston Prezidentini rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etganini https://qalampir.uz/n/120688 ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ulan-Bator shahrida o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux Keng qamrovli sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani qabul qilgani haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi