Mirziyoyev va Erdo‘g‘an telefon orqali muloqot qildi
Jamiyat
−
06 fevral 2023
6373Bugun, 6 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Mirziyoyev bugun Turkiyaning janubi-sharqiy viloyatlarida ro‘y bergan kuchli zilzila oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani va katta talafotlar ko‘rilgani munosabati bilan chuqur hamdardlik izhor etgan.
“Birodar Turkiya xalqiga, vafot etganlar va jabrlanganlarning oilalari va yaqinlariga dalda so‘zlari bildirildi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida amaliy hamkorlik masalalari muhokama qilindi. 7 fevral kuni O‘zbekistondan Turkiyaga gumanitar yordam va qutqaruvchilar guruhi jo‘natilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, ikki tomonlama kun tartibi va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlari yuzasidan ham fikr almashilgan.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 6 fevral kuni Turkiyaning markaziy qismida va Suriya shimoli-g‘arbida 7,9 (dastlabki ma’lumotlarda 7,4) magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Zilzila oqibatida Turkiyada 912 kishi qurbon bo‘ldi, 5 385 kishi jarohatlandi. 2 818 ta bino vayron bo‘ldi, vayronalar ostidan hozirgacha 2 470 kishi olib chiqildi.
LiveBarchasi