Mirziyoyev va Erdo‘g‘an birinchi xonimlar bilan Xiva ziyoratida (fotoreportaj)
Jamiyat
−
30 mart 2022
9226Avval xabar berganimizdek, bugun, 30 mart kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an hamda Birinchi xonimlar Ziroat Mirziyoyeva va Emine Erdo‘g‘an Xivadagi Ichan qal’aga tashrif buyurdi.
Ma’lum bo‘lishicha, mehmonlar Ichan qal’adagi Ota darvoza, Ko‘k minora, Ko‘hna ark saroyi va madrasalar, hunarmandlik rastalarini ko‘zdan kechirdi. Pahlavon Mahmud maqbarasi, Juma masjidi ziyorat qilindi.
“Ma’lumki, ikki yetakchining ham tarixga qiziqishi, hurmati baland. Davlatimiz rahbari Turkiyaga tashrifi chog‘ida Istanbuldagi Topkapi saroyini borib ko‘rgan edi. Rajab Toyib Erdo‘g‘an ilgari yurtimizga kelganida Buxoroni ziyorat qilgan”, deyiladi Prezident Matbuot xizmati xabarida.
Qayd etish kerakki, bu qal’a Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan birdan-bir butun boshli shahar-yodgorlikdir. Uning “ochiq osmon ostidagi muzey” deya e’tirof etilishi shundan. Bu yerda 120 dan ziyod me’moriy obidalar bor.
Xiva shahri 1990 yil 12 dekabrda UNESCO Madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan. 1997 yilda shaharning 2500 yillik yubileyi nishonlangan.
Bu uzun tarix davomida Xiva ko‘plab turkiy davlatlarning markazi bo‘lgan. U 2020 yilda Turksoy xalqaro tashkiloti tomonidan Turk dunyosining madaniy poytaxti, deb e’lon qilingan.
Shu jihatdan, O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlarining bu qadimiy shaharga tashrifi katta ma’noga ega.
Davlat rahbarlari hunarmandlar, sayyohlar bilan samimiy suhbatlashgan. Xorazmcha qo‘shiq va raqslar ijrosi barchaga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etgan.
Xivaning davlatchilik va ilm-fan rivojida tutgan o‘rni, qadimiy obidalari va san’ati turkiyalik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
LiveBarchasi