Mirziyoyev O‘zbekiston nega “Tolibon” bilan muloqot qilayotganiga izoh berdi
Jamiyat
−
27 avgust 2021
17977Rasmiy Toshkent kun kelib Afg‘onistonda “Tolibon” hokimiyati o‘rnatatilishini ikki yil oldin bilgan. Shu bois Prezident topshirig‘i bilan ikki yil avval “Tolibon” bilan muloqot boshlangan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatida foydalanishga topshirilayotgan yangi quyosh elektr stansiyasi ochilish marosimidagi nutqida so‘z ochdi.
Davlat rahbari so‘zi avvaldi nega O‘zbekiston “Tolibon” bilan muloqotda bo‘layotganiga izoh bergan.
“Tolibon” bilan kecha yoki bugun emas, ikki yil oldin muloqotni boshlagandik. Televizorda ko‘rgan bo‘lsangiz, ularning Dohadagi rahbari Mulla Abdul G‘ani Birodar janobi oliylari ham o‘shanda O‘zbekiston xalqiga, O‘zbekiston tomoniga birorta o‘q otilmasligi bo‘yicha va’da bergandi. Va’dasini bajarayotgani uchun ham ular bilan muloqot qilishimiz tabiiy.
Menga xalqimning tinchligi kerak, osoyishtaligi kerak. Faqat va faqat o‘zbek xalqimning, jonajon O‘zbekistonning tinchligiga ta’sir ko‘rsatadigan omil bo‘lsa, kim bo‘lishidan qat’i nazar muloqotga kirishishga tayyorman”, deydi Prezident.
Shavkat Mirziyoyev so‘zida davom etarkan, ikki yil oldin bugungi voqealar bo‘lishini bilganini urg‘ulaydi:
“2 yil oldingi tahlillarimiz toliblarning kuchayishidan dalolat bergan edi. Shuning uchun ikki yil oldin ular bilan muloqotlarni boshlagandik”.
Afg‘onlaro muloqot
Ma’lumot o‘rnida, Afg‘oniston hukumati va Tolibon o‘rtasida tinchlik muzokaralari 2020 yil 12 sentyabrda Qatar poytaxti Dohada boshlandi.
Afg‘onlararo muzokaralarning boshlanishi, Hukumat va "Tolibon"ning muzokara stoliga kelishida O‘zbekiston, xususan Prezident Mirziyoyevning ishtiroki katta. Mirziyoyev iqtidorga kelgan ilk kunlardanoq dunyo hamjamiyati oldiga afg‘on muammosini yana ko‘ndalang qo‘ydi. U 2017 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida nutq so‘zlab, Afg‘onistonda tinchlikka erishishning yagona yo‘li — markaziy hukumat va mamlakat ichidagi asosiy siyosiy kuchlar o‘rtasida oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borish ekanini ta’kidladi.
2018 yil 27 mart kuni "Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik" mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
2020 yilning 12 sentyabr kuni Qatar poytaxti Dohada Afg‘oniston Islom Respublikasi Hukumati va “Tolibon” harakati o‘rtasida muzokaralar boshlandi. Bu Afg‘onistonda tinchlik va osuda hayot uchun qo‘yilgan yana bir ulkan qadam, deyish mumkin. O‘zbekiston 40 yildan ziyod vaqt davomida Afg‘onistonda davom etayotgan urush, notinchlik va o‘zaro muammolarni afg‘on xalqining o‘zi o‘z irodasi bilan hal etishi tarafdori.
2020 yilning 29 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida yana afg‘on muammosiga to‘xtalib, shunday degan edi:
"Biz qo‘shni Afg‘oniston zaminida tinchlik o‘rnatilishiga qat’iy ishonamiz va bu ezgu yo‘lda amaliy yordamni bundan keyin ham ayamaymiz".
O‘tgan yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi, yaqin qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlash, qo‘shning tinch – sen tinch degan azaliy qadriyatga asoslangan islohotlari natijasida afg‘on muammosini hal etishda oldinga siljish kuzatildi. Buning samarasini 2020 yilning 29 fevral kuni Qatarning Doha shahrida Amerika Qo‘shma Shtatlari va "Tolibon" harakati o‘rtasida tinchlik sulhi imzolanganida ham ko‘rish mumkin. Sulhda AQSH 19 yil deganda o‘z harbiy kuchlarini afg‘on diyoridan olib chiqib ketishi, “Tolibon” ham qurolli harakatlarni to‘xtatishi belgilandi.
2020 yilning 12 sentyabr kuni Dohada bo‘lib o‘tgan muzokaralar esa afg‘on xalqining va nihoyat tinch va farovon hayotga qovushishidan dalolat berdi. “Tolibon” harakatining Qatardagi siyosiy vakolatxonasi rahbari Mulla Abdulg‘ani Birodar o‘zbekistonlik jurnalistlar bilan suhbatlashib, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish va mamlakat iqtisodiyotini tiklash borasida rasmiy Toshkentning faolligini alohida e’tirof etdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 avgust kuni hokimiyat “Tolibon” harakati nazoratiga o‘tdi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi.
Ashraf G‘ani mamlakatni tark etganidan so‘ng, u Tojikiston, Omon va O‘zbekistonda ekani aytildi. Biroq, yakunda ularning hech biri o‘z tasdig‘ini topmadi. Joriy yilning 18 avgust kuni esa, Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) Ashraf G‘ani va uning oila a’zolariga boshpana berganini aytgandi.
Joriy yilning 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. "Tolibon" vakili Vohidulla Hoshimiy harakat Afg‘onistonda demokratik davlat qurmasligini ma’lum qildi.
LiveBarchasi