Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Ramazon hayiti bilan tabrikladi
Jamiyat
−
20 aprel 2023
7504Prezident Shavkat Mirziyoyev Ramazon hayiti munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga tabrik yo‘lladi. Tabrik matni Prezident matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.
Mirziyoyev butun O‘zbekiston xalqini chin qalbidan muborakbod etib, barchaga o‘zining yuksak hurmati va samimiy tilaklarini bildirgan.
Prezident mamlakatda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari ish boshlagani, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasiga, Samarqandda Hadis ilmi maktabiga asos solingani, Qashqadaryoda Abu Muin Nasafiy, Namanganda Sulton Uvays Qaraniy qadamjolari, Toshkent shahrida Suzuk ota majmuasi yangitdan bunyod qilingani, o‘nlab muhtasham masjidlar, diniy bilim muassasalari barpo etilgani, ziyoratgoh maskanlar obod qilinganini qayd etgan.
Shuningdek, mo‘min-musulmonlarimizga ibodat amallarini emin-erkin ado etishlari uchun yanada qulay sharoitlar yaratilayotgani ta’kidlangan. Bu haqda so‘z yuritganda, umra ziyorati bo‘yicha kvota bekor qilingani, haj ziyoratiga boruvchilar soni 3 barobar oshirilganini qayd etish zarur. Xususan, birgina joriy yilning o‘tgan davrida 31 ming nafardan ortiq o‘zbekistonlik Makka va Madinada muqaddas ibodatlarni bajarib qaytganini aytilgan.
“Oila davrasida, mahallalarda muborak Iyd-al-fitr ayyomini xursandchilik bilan kutib olayotgan siz, muhtaram yurtdoshlarimni yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman”, deydi Prezident Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev muborak Ramazon hayitini nishonlash arafasida “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmonni imzolab, 541 nafar mahkumni afv etgandi.
LiveBarchasi