Mirziyoyev O‘zbekiston Falastin xalqi tomonida ekanini aytdi (video)
Jamiyat
−
31 Oktabr 2023
23790Bugun, 31 oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaqin Sharqdagi vaziyat borasida ilk bor o‘z munosabatini bildirdi. Bu haqda u gidroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar va energetika tizimini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha vazifalar ijrosi yuzasidan yig‘ilishda so‘z ochdi.
"Ma’lumki, Isroil armiyasi va HAMAS harakati o‘rtasida davom etayotgan qurolli to‘qnashuvlar gumanitar inqirozni chuqurlashtirmoqda, tinch, begunoh aholi orasida ko‘p sonli qurbonlarga olib kelmoqda. Bolalar va ayollar halok bo‘lmoqda, odamlar boshpanasidan ayrilmoqda, o‘z uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lmoqda”, degan Prezident.
Mirziyoyev Falastin va Isroil tomonidan qurbon bo‘lgan barcha insonlarning oilalariga chin dildan ta’ziya va hamdardlik izhor etgan. Shuningdek u G‘azo sektori aholisiga baholi qudrat yordam ko‘rsatish uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharq agentligiga 1 million 500 ming dollar ajratish haqida qaror qabul qilganini aytgan.
“Biz Falastin xalqi bilan birdam ekanimizni qat’iy bildiramiz va uning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi va Xavfsizlik Kengashining ilgari qabul qilingan rezolyutsiyalariga muvofiq o‘z mustaqil davlatini barpo etishga bo‘lgan huquqini qo‘llab-quvvatlaymiz", degan Prezident.