Shavkat Mirziyoyev Isroil-Falastin masalasida o‘zbekistonliklarga murojaat qildi
Jamiyat
−
31 Oktabr 2023
39051O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev fuqarolarga, ayniqsa, yoshlarga murojaat qilib, Isroil-Falastin masalasida turli yolg‘on tashviqotlarga berilmaslikka, qonunga zid xatti-harakatlar sodir etmaslikka chaqirdi. U bu haqda bugun, 31 oktyabr kuni gidroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar va energetika tizimini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha vazifalar ijrosi yuzasidan yig‘ilishda so‘z ochgan.
Prezident Mirziyoyevga ko‘ra, zo‘ravonlik yanada avj olaversa, bu xalqaro vaziyatning keng miqyosda izdan chiqishiga, qurolli to‘qnashuvlarga yangi kuchlar tortilishiga olib keladi.
Bularning barchasi Yaqin Sharq mintaqasi bilan cheklanmay, uzoq o‘lkalarga ham tarqalib ketadigan, oqibatini bashorat qilib bo‘lmaydigan fojialarga olib kelishi mumkin.
“Aynan shuning uchun ham biz har ikki tomonni zudlik bilan gumanitar maqsadlarda murosaga kelishga, jangovar harakatlarni to‘xtatib, nizoni tinchlik yo‘li bilan hal etishga chaqiramiz.
Ma’lumki, biz yashayotgan Markaziy Osiyo mintaqasi turli millat va konfessiyalar vakillarining o‘zaro tinch-totuv hayot kechirishi bo‘yicha noyob tajribaga ega.
Bu zaminda asrlar davomida musulmon, xristian va yahudiylar do‘stlik va hamjihatlikda yonma-yon yashab kelyaptilar.
Men bugungi fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizga, avvalo, yoshlarimizga murojaat qilib, ularni turli yolg‘on tashviqotlarga berilmaslikka, qonunga zid xatti-harakatlar sodir etmaslikka chaqiraman.
Bizning eng katta kuchimiz, bebaho boyligimiz bo‘lgan tinch va osoyishta hayotimizni, o‘zaro birlik va hamjihatligimizni barchamiz birgalikda asrashimiz zarur", deydi davlat rahbari.
LiveBarchasi