Mirziyoyev O‘zbekiston boshqalarning aql o‘rgatishiga muhtoj emasligini aytdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston uchun ko‘p millatli xalq manfaatlari birinchi o‘rinda, hech kim mamlakatga aql o‘rgata olmaydi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatida faollar bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.

“Bir gapni yana bir bor ta’kidlayman — O‘zbekiston uchun ko‘p millatli xalq manfaatlari birinchi o‘rinda, hech kim bizga aql o‘rgata olmaydi. Bizning o‘z tanlagan yo‘limiz bor. Bu yo‘lda biz faqat va faqat Vatanimiz O‘zbekiston manfaatlarini ko‘zlaymiz”, degan davlat rahbari.

Prezident Mirziyoyev nega aynan bunday deganiga aniqlik kiritmagan. Bu gaplar kimga qaratilgani ham ochiqlanmagan.

Ammo qayd etish kerakki, joriy yilning 29 aprel kuni Belarus Respublikasi fuqarosi Aleksandr Lukashenko Rossiyaning Voronej viloyati gubernatori Aleksandr Gusev bilan uchrashuvda sobiq Sovet davlatlari ertami-kech Rossiya-Belarus Ittifoq davlatiga qo‘shilishini aytgandi. Bu ba’zi OAVlarda esa Lukashenkoning fikri Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikistonni alohida sanagandek talqin qilingandi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi esa Lukashenkoning aytganlari OAVda noto‘g‘ri talqin qilinganiga munosabat bildirib, O‘zbekiston Respublikasi o‘z mustaqilligi va suverenitetini ta’minlash maqsadida faqat milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda bundan buyon ham o‘zi tanlagan mustaqil taraqqiyot yo‘lida qat’iy davom etishini bildirdi.

“So‘nggi vaqtlarda hodisalarni yoritishda xolislik va betaraflikka da’vo qiladigan ba’zi chet el nashrlari ayrim xorijiy davlatlar rahbarlarining Ittifoq davlatini kengaytirish va unga O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqidagi asossiz fikrlarini tarqatishda davom etmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekistonning xorijiy hamkorlar bilan do‘stona munosabatlariga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan bunday ig‘vogar harakatlarga yo‘l qo‘yilmasligini yana bir bor ta’kidlaymiz”, deyiladi xabarda. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

475

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing