Mirziyoyev O‘zbek tili bayrami munosabati bilan O‘zbekiston xalqini tabrikladi
Jamiyat
−
21 Oktabr 2023 6341 3 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami munosabati bilan mamlakat xalqiga tabrik yo‘lladi.
Prezident tabrik avvalida o‘zbek tilining asrlar sinovidan bezavol o‘tib kelayotgan buyuk va bebaho ma’naviy boylik ekani, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi o‘rni va ahamiyatini oshirish, uni zamon talablari asosida rivojlantirish masalasi milliy o‘zlikni anglash, millat ruhini saqlab qolish, yorug‘ kelajakni ta’minlashning eng muhim omili ekanini aytib o‘tdi.
Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti faoliyati zamon talablari asosida tashkil etilib, barcha sohalarda davlat tilida ish yuritish sifatini yaxshilash, xususan, axborot-kommunikatsiya yo‘nalishida uni faol qo‘llash borasida ijobiy natijalarga erishilayotgani qayd etilgan.
“Ma’lumki, har qanday tilni o‘rganish va rivojlantirishda, birinchi navbatda, uning nazariy-metodik asoslari katta o‘rin tutadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, keyingi yillarda “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, “Alisher Navoiy qomusi”, “Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi”, “Falsafa” qomusiy lug‘ati, “O‘zbekiston yuridik ensiklopediyasi”, “Islom ensiklopediyasi”, “Ma’naviyat: asosiy tushunchalar lug‘ati”, “Pedagogika: ensiklopediya”, “Tarix atamalari lug‘ati”, “Adabiyotshunoslik lug‘ati”, “Yuridik atamalar lug‘ati” kabi 40 dan ziyod fundamental kitoblar nashr etilgani bu yo‘ldagi muhim qadam bo‘ldi”, deydi Mirziyoyev.
Shular qatorida o‘zbek tilining elektron milliy korpusi va dasturiy mahsulotlarning o‘zbekcha ilovalarini yaratish, o‘zbek tilini Internet tarmog‘ida ommalashtirish va munosib o‘rin egallashini ta’minlash, davlat tilini o‘rgatishga hamda matn tahririga mo‘ljallangan dasturlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq qilish bo‘yicha ham jiddiy ishlar olib borilayotgani e’tirof etilgan.
Prezident lotin grafikasi asosidagi alifboni takomillashtirish ishlari davom etayotganini ham ma’lum qilgan.
“Ushbu masala yuzasidan xalqimiz, jamoatchiligimiz tomonidan bildirilgan barcha taklif va tavsiyalar jiddiy o‘rganilib, muhokamadan o‘tganidan so‘ng tegishli qonun loyihasini yana bir bor ko‘rib chiqib, parlamentga kiritish maqsadga muvofiqdir”, deydi u.
Jumladan, bugungi kunda O‘zbekistonda ta’lim 7 tilda olib borilmoqda. Respublikadagi mavjud 1453 ta ommaviy axborot vositasi hamda yuzlab veb-saytlar orqali qoraqalpoq, rus, qozoq, tojik, turkman, koreys, turk, arab, ingliz, nemis va boshqa tillarda ham materiallar e’lon qilinmoqda.
Tabrik matnida Prezident O‘zbekistonni tenglik, do‘stlik va bag‘rikenglik diyoriga aylantirish maqsadida turli millatga mansub fuqarolarning til sohasidagi huquqlarini ta’minlashga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilishini ma’lum qilgan.
“Fursatdan foydalanib, o‘zbek tilining haqiqiy fidoyisi va do‘sti bo‘lgan barcha zahmatkash va jonkuyar insonlarga chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman”, deydi Prezident tabrik yakunida.
Live
Barchasi