Mirziyoyev Turkmaniston Tashqi ishlar vazirini qabul qildi
Jamiyat
−
24 yanvar 2023
4542Bugun, 24 yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi tadbirlari doirasida Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari, Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovni qabul qildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda 2022 yilning 14-15 iyul kunlaridagi Turkmaniston Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi va 21-22 oktyabr kunlaridagi O‘zbekiston Prezidentining Turkmanistonga rasmiy tashrifi davomida erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish jihatlari muhokama qilingan.
Shuningdek, Rashid Meredov O‘zbekiston rahbariga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Xalq Maslahati Raisi, Millat Yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedovning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazgan.
“O‘zbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish, iqtisodiyot, savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport va logistika sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish masalalari ko‘rib chiqildi”, deyiladi xabarda.
Ushbu uchrashuvda joriy yilning birinchi choragida qator qo‘shma tadbirlar – Hukumatlararo komissiya, Suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishlari, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlar, madaniy va boshqa tadbirlar o‘tkazilishi belgilangan.
“Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Bo‘lajak uchrashuvlar rejasi ko‘rib chiqildi”, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jayxun Bayramov hamda Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘lini qabul qilgani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi