Mirziyoyev “Turkiy dunyo oliy ordeni” bilan mukofotlandi

Jamiyat

image

Bugun, 3 noyabr kuni Turkiy davlatlar tashkiloti Davlatlar rahbarlari kengashi yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga turkiy xalqlar oilasining birligini mustahkamlashga, turkiy mamlakatlarning manfaatlari va qarashlarini xalqaro maydonda faol ilgari surishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun yuksak mukofot – “Turkiy dunyoning oliy ordeni”ni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart To‘qayev, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ishtirok etdi.

Tashkilot davlatlari rahbarlari nomidan mukofotni Qozog‘iston Prezidenti topshirdi.

“Bu mukofotni men birinchi navbatda chinakam birodarlik rishtalari asosida yangidan yuksalayotgan yaqin do‘stligimiz va hamkorligimiz ramzi, deb bilaman”, deydi marosimda O‘zbekiston rahbari.

Oxirgi davrda Turkiy dunyoning nufuzi va salohiyati har qachongidan ham ko‘proq yuksalayotgani alohida qayd etildi. O‘zbekiston 2019 yilda TDTga a’zo bo‘lib kirganidan buyon mamlakatimiz tomonidan turkiy mamlakatlar o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan 50 dan ortiq taklif va tashabbuslar ilgari surildi.

O‘zbekistonning tashkilotga raisligi davrida 100 dan ziyod turli tadbirlar o‘tkazildi, amaliy hamkorlikning yangi samarali mexanizmlari yaratildi, nufuzli global va mintaqaviy tuzilmalar bilan yaqin sheriklik aloqalari yo‘lga qo‘yildi.

Tashkilotga a’zo barcha davlatlar bilan ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli aloqalar izchil kengaymoqda, strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatildi, savdo hajmlari ortmoqda, kooperatsiya kuchaymoqda.

“Barchamizning orzu va maqsadlarimiz, intilish va harakatlarimiz uyg‘un va hamohangdir. Azaldan do‘st va qardosh bo‘lgan turkiy xalqlarimiz bundan keyin ham ahil va hamjihat bo‘lib, yorug‘ kelajakni birgalikda bunyod etadilar”, deydi Mirziyoyev. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 oktyabr kuni Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan MDH davlat rahbarlarining sammitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining Faxriy ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Turkiy dunyo oliy ordeni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing