Mirziyoyev To‘qayev bilan MDH sammitiga tayyorgarlikni muhokama qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan telefon orqali muloqot qildi.

O‘zbekiston rahbari Qozog‘istonning ko‘p millatli xalqini davlat bayrami – Birinchi Prezident kuni bilan samimiy qutlab, tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan. Amaliy hamkorlikka oid qo‘shma loyiha va dasturlarni, avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sohalarda ilgari surishga alohida e’tibor qaratilgan.

Prezidentlar xalqaro kun tartibini, jumladan, shu oyda O‘zbekiston Respublikasi raisligida bo‘lib o‘tadigan MDH sammitiga tayyorgarlik ko‘rish masalalarini ham muhokama qildilar. Hamdo‘stlik va boshqa mintaqaviy hamda global tuzilmalar doirasidagi yaqin muloqotni davom ettirishga tayyor ekanliklarini ta’kidlaganlar.

Suhbat so‘ngida qardosh ikki mamlakat o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishga ikki tomonning ham intilishi qat’iy ekani tasdiqlandi.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 1 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan ham telefon orqali suhbatlashgan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston-Qozog'iston Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

23

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing