Mirziyoyev Toshkentga qaytyapti. U so‘nggi uchrashuvni tadbirkorlar bilan o‘tkazdi
Jamiyat
−
17 yanvar 2023
9900O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Singapurga tashrifi doirasida ushbu mamlakatning yetakchi kompaniya va tashkilotlari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tadbirda Singapur mehnat vaziri – savdo va sanoat ikkinchi vaziri Leng Si Tang, Singapur biznes federatsiyasi raisi Ming Yan Lim, ushbu mamlakatning Indorama, Meinhardt group, CPG Corporation, Changi Airports, Singapur menedjmentni rivojlantirish instituti, TMC Academy, Virtus Health kabi 15 ta yirik kompaniyalari rahbarlari ishtirok etgan.
Mirziyoyev uchrashuv ishtirokchilarini qutlab, uning yangi 2023 yildagi ilk tashrifi aynan Singapurga bo‘layotgani O‘zbekistonning ushbu mamlakat bilan mustahkam va o‘zaro manfaatli munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tiboridan dalolat ekaniga e’tibor qaratgan.
Prezident Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuvda O‘zbekiston-Singapur biznes forumining natijalari mamnuniyat bilan qayd etilgan: uning doirasida umumiy qiymati qariyb 5 milliard dollarlik yangi investitsiya, savdo va moliyaviy kelishuvlar imzolandgan
“Bu hamkorligimiz ancha faollashganidan, muvaffaqiyatli kechayotganidan, O‘zbekiston-Singapur munosabatlari amaliy va sifatli mazmun bilan boyiganidan dalolat beradi”, deydi Prezident.
Lekin sheriklik salohiyati hali to‘liq ishga solinmagan. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, mamlakatlar ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishga qodir.
“Singapur kompaniyalarining ilg‘or tajribasi bizda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Ishonchim komilki, singapurlik hamkorlarning innovatsiya va texnologiyalari O‘zbekistonning resurslari va kadrlar salohiyatiga qo‘shilsa, bo‘lajak qo‘shma loyihalar barqaror rivojlanadi”, deydi Mirziyoyev.
Uchrashuvda O‘zbekiston yetakchisi uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun eng istiqbolli yo‘nalishlarni ko‘rsatib o‘tgan. Singapur kompaniyalarining O‘zbekistondagi xususiylashtirish jarayonlarida ishtiroki, shahar va transport infratuzilmasini rivojlantirish, kimyo va to‘qimachilik, “yashil” iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa yo‘nalishlardagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish shular jumlasidan.
O‘zbekiston Singapur tadbirkorlarini zarur ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan ta’minlash, imtiyozlar va kafolatli xaridlar shaklida keng qo‘llab-quvvatlash, boshqa ko‘mak choralarini taqdim etishga tayyor ekani bildirilgan.
Mamlakatdagi islohotlar xorijiy hamkorlar orasida O‘zbekistonning ishonchli va barqaror sherik sifatidagi mavqeini mustahkamlashga qaratilganini ta’kidlab, Prezident Shavkat Mirziyoyev singapurlik ishbilarmonlarni o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun ochilayotgan imkoniyatlardan foydalanish va O‘zbekiston iqtisodiyotiga faol investitsiya kiritishga chaqirdi.
Ishbilarmonlar delegatsiyasining har bir a’zosi bilan suhbatlashib, davlat rahbari tadbirkorlarni yaratilgan qulay investitsiya muhiti bilan shaxsan tanishish uchun O‘zbekistonga taklif qilgan.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston tomoni mutasaddilariga tadbirda aytilgan barcha loyihalarni, ularni amalga oshirishning bosqichma-bosqich mexanizmlarini, aniq muddat va ijrochilarini kiritgan holda tegishli Amaliy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash topshirilgan.
Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Singapurga samarali davlat tashrifi yakuniga yetdi.
“Changi” xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Singapurning rasmiy shaxslari kuzatib qo‘ydi. Shavkat Mirziyoyev Toshkentga jo‘nab ketdi.
LiveBarchasi