Mirziyoyev Toshkentdagi 2 ta shifoxonani borib ko‘rdi

Jamiyat

image

Bugun, 29 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Yashnobod tumanida joylashgan ikkita shifoxonaga – Milliy tibbiyot markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan otorinolaringologiya va bosh-bo‘yin kasalliklari ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga bordi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.

Aytilishicha, Mirziyoyev 2020 yil noyabrda ham ularning qurilishini kelib ko‘rgan, bu yerda qanday imkoniyatlar bo‘lishi lozimligi haqida ko‘rsatmalar bergan. 

Ta’kidlanishicha, Milliy tibbiyot markazi, boshqa shifoxonalardan farqli ravishda, universal bo‘ladi. Bu yerda jarrohlik, urologiya, transplantologiya, travmatologiya-ortopediya, ginekologiya, kardioxirurgiya, nefrologiya, kardiologiya, endokrinologiya, kardiorevmatologiya, stomatologiya va boshqa bo‘limlar tashkil etilgan. Jami 169 turdagi mingtadan ko‘p ilg‘or tibbiy asbob-uskunalar o‘rnatilgan.

Markaz besh yuz o‘ringa mo‘ljallangan. Ambulator va statsionar tartibda ikki yuzdan ortiq tibbiy xizmat ko‘rsatiladi. Yiliga uch mingdan ziyod, jumladan, aorta-koronar shuntlash, estetik-plastik xirurgiya, artroplastika, organ va to‘qimalarni ko‘chirib o‘tkazish kabi yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini bajarish quvvati mavjud. Markazda mamlakatimizning olis hududlaridagi bemorlarga masofadan tashxis qo‘yish, davolash imkoniyati yaratilmoqda.

Qayd etilishicha, muassasa faoliyatida Germaniya, Turkiya, Janubiy Koreya kabi davlatlarning yetakchi klinikalari bilan hamkorlik qilinadi. Chet ellik shifokorlar, O‘zbekistonning xorijda malaka oshirgan mutaxassislaridan iborat jamoa – 250 nafar shifokor, 500 nafar o‘rta tibbiyot xodimi faoliyat olib boradi.

Bunday imkoniyatlarga ega markaz O‘zbekistonda birinchisi. Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda faoliyat yuritayotgan ko‘p tarmoqli klinikalar u bilan bog‘lanadi.

Prezident majmua hududidagi Respublika ixtisoslashtirilgan otorinolaringologiya va bosh-bo‘yin kasalliklari ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ham bo‘lgan.

Bu markaz mazkur kasalliklarni davolash bilan birga mamlakatda otorinolaringologiya yo‘nalishidagi ishlarni muvofiqlashtiradi. Bu yerda “Yuqori nafas yo‘llari a’zolari fiziologiyasi va patologiyasi”, “Eshitish va muvozanat a’zolari fiziologiyasi va patologiyasi”, “Foniatriya va ronxopatiya” ilmiy laboratoriyalari tashkil etilgan. Simulyatsion amaliy laboratoriya, jarrohlik xonalari va 60 ta o‘rin-joylar zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan.

Prezident ushbu markazlardagi qulayliklar bilan tanishib, shifokorlar bilan suhbatlashgan. Soha mas’ullari bilan muloqotda ushbu markazlar yonida xorijiy tibbiyot instituti tashkil etish, kadrlar malakasini oshirish, kasalliklar profilaktikasini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Prezident Shavkat Mirziyoev shifoxona

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing