Mirziyoyev Toshkent viloyati hokimining birinchi o‘rinbosarini ishdan bo‘shatdi
Jamiyat
−
02 avgust 2023
13563Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Fayziyevni ishdan oldi. Bu haqda Prezidentning viloyatga tashrifi doirasida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, joriy yilning olti oyi davomida Toshkent viloyatida 440 million dollarlik eksport amalga oshirilgan. Ammo Yangiyo‘l tumani, Bekobod va Chirchiq shaharlarida to‘qimachilik mahsulotlari, Zangiota va Yuqori Chirchiqda elektrotexnika mahsulotlari, Olmaliq shahrida qurilish materiallari eksporti o‘tgan yilga nisbatan kamaygan.
So‘nggi uch yilda viloyatda sanoat hajmi 19 foizga o‘sib, 94 trillion so‘mga yetgan. Lekin ushbu davrda sanoat mahsulotlari Bekobod tumanida 3,6 foizga kamaygan bo‘lsa, Parkentda bor-yo‘g‘i 2,6 foizga oshgan.
O‘tgan uch yilda Zangiotaning viloyat sanoatidagi ulushi 8,3 foizdan 3,5 foizga, Angren shahrida esa 7,5 foizdan 4,8 foizga kamaygan.
Joriy yilning olti oyida viloyatda xizmatlar hajmi 7,3 foizga o‘sgan bo‘lsada, bu ko‘rsatkich Qibray va Yangiyo‘l tumanlarida 1 foizga ham yetmagan. Joriy yilda qurilishi reja qilingan 114 ta ko‘p qavatli uy-joylardan bugungi kungacha atigi 9 tasi foydalanishga topshirilgan.
Shu va boshqa kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani, ishlarni lozim darajada tashkil qilmagani uchun:
- Toshkent viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari M.Fayziyev, Qibray tumani hokimi M.Mirqosimov va Yangiyo‘l tumani hokimi U.Yalgashev hamda ushbu tumanlarning 4 ta sektor rahbarlarini lavozimidan ozod qilish;
- viloyat hokimining sanoat va investitsiyalarga mas’ul o‘rinbosari N.Sharipov, qurilishga mas’ul o‘rinbosari Sh.Mahmudovga hayfsan e’lon qilishga ko‘rsatma berildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev mamlakatda kambg‘allikni qisqartirish masalasiga to‘xtalib, ushbu vazifa bitta vazirlik yoki agentlikning ishi emasligini ta’kidlagan edi.
LiveBarchasi