Mirziyoyev ta’tildaligida uning vazifasini kim bajaradi?
Jamiyat
−
05 avgust 2019
21073Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qisqa muddatli ta’tilga chiqqani haqida xabar bergan edik.
Bu Shavkat Mirziyoyevning Bosh vazirlik va Prezidentlikdagi ilk ta’tili ekani ta’kidlanyapti. Ya’ni, Shavkat Mirziyoyev 17 yil ichida – 14 yil Hukumat rahbari va 3 yil davlat rahbari sifatida biror marta ta’tilga chiqmagan.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti faoliyatining asosiy kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 4-moddasiga binoan, Prezidentga muddati 36 ish kunidan iborat yillik haq to‘lanadigan ta’til beriladi.
Yana bir jihat borki, u barchada qiziqish uyg‘otadi. Prezident ta’tilda bo‘lganida uning vazifasini kim bajaradi. Konstitutsiyaning O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti to‘g‘risidagi XIX bobida davlat rahbarining ta’tili haqida biror band keltirilmagan.
Bobdagi 96-moddada O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Prezidenti o‘z vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining zimmasiga yuklatilishi belgilangan, xolos.
Ma’lumot uchun, Shavkat Mirziyoyev 2003 yil 13 dekabrdan 2016 yil 14 dekabrgacha Bosh vazir sifatida faoliyat yuritgan. 2016 yilda o‘tkazilgan saylovlar natijasiga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidenti bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir bo‘lishdan avval Samarqand va Jizzax viloyatlariga hokimlik qilgan.
Shu o‘rinda Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining ta’tiliga to‘xtalib o‘tsak. Bu borada Qozog‘iston Prezidenti qonunga muvofiq 45 kunlik haq to‘lanadigan ta’tilga chiqishi mumkin. Qozog‘istonning yangi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning ta’tilga chiqqani haqida hozircha ma’lumotlar berilmadi. Ammo Qozog‘istonning birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev yozda ta’til olib, Turkiya yoki BAAda dam olardi.
2017 yil noyabrida hokimiyatga kelgan Qirg‘iziston Prezidenti Soroonbay Jeenbekovning hozirgacha ta’tilga chiqqani haqida rasmiy ma’lumotlar bo‘lmagan. Ammo sobiq Prezident Almazbek Atamboyev ta’tilini Issiqko‘lda yoki Turkiyada o‘tkazardi.
Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning ta’tili haqida shu vaqtgacha biror marta ham ma’lum qilinmagan.
Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov esa har yozda ta’tilga chiqadi. U ta’tilini Kaspiy dengizi bo‘yicha Avaz kurortida kitob yozish, musiqa bastalash va albatta, velosiped uchish bilan o‘tkazadi. Ayniqsa,Turkmanboshining bu yilgi ta’tili dunyo miqyosida katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Berdimuhamedovning 10 kundan ortiq ko‘rinmay qolishi ortidan "Arqadag‘" vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Oradan bir necha kun o‘tib esa Berdimuhamedov televideniyeda ko‘rinish berdi.
LiveBarchasi