Mirziyoyev Slovakiya Prezidenti bilan muzokara o‘tkazdi (video)
Jamiyat
−
30 Oktabr 2025 2744 2 daqiqa
Bugun, 30 oktyabr kuni Samarqand shahrida UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Slovakiya Respublikasi Prezidenti Peter Pellegrini muzokara o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston bilan Slovakiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb jihatlari ko‘rib chiqilgan. Barcha darajalarda ikki tomonlama almashinuvlar ijobiy sur’at bilan davom etayotgani, shuningdek, ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlik mustahkamlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.
“Joriy yilda siyosiy maslahatlashuvlar va hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Ishbilarmonlik aloqalari faollashdi. Qo‘shma korxonalar soni uch barobar ko‘paydi”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, tovar ayirboshlash va investitsiyalarning hajmini oshirish, shuningdek, muhim tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasi loyihalarini kengaytirish masalalari muhokama qilingan.
O‘zbekistondan to‘qimachilik, charm, meva-sabzavot va boshqa xaridorgir mahsulotlar, Slovakiyadan kauchuk, avtomobillar uchun butlovchi qismlar, farmatsevtika va boshqa sanoat tovarlari yetkazib berishni ko‘paytirishga kelishib olingan. Shu maqsadda milliy mahsulotlar ko‘rgazmalarini o‘tkazish, savdo uylarini ochish rejalashtirilgan.
Shuningdek, raqamlashtirishni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Banklarning kiberxavfsizlik monitoringini yuritish va yuk tashishlarni kuzatishning ilg‘or tizimlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shma markaz tashkil qilish masalasini ishlab chiqish taklif qilingan.
Slovakiya biznesi bilan avtomobil butlovchi qismlar, tayyor sut mahsulotlari ishlab chiqarish va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorlik bildirilgan.
Gumanitar va ta’lim almashinuvlarini faollashtirish istiqbollari ko‘rib chiqilgan. 2026 yilda Bratislava shahrida ikki mamlakat rektorlarining birinchi forumini o‘tkazish, turizm ko‘rgazmalari va o‘zaro Turizm kunlarini tashkil etish taklif qilingan. Tartibli mehnat migratsiyasini yo‘lga qo‘yish masalasiga ham to‘xtalib o‘tilgan.
Ko‘p tomonlama maydonlarda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Peter Pellegrini amaliy tashrif bilan O‘zbekistonga kelgan edi. Pellegrini faxriy mehmon sifatida UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida ishtirok etadi.
Live
Barchasi