Mirziyoyev Shvetsiyada Qur’on yoqilishini qoraladi
Jamiyat
−
05 iyul 2023
18584Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Shvetsiyada Islom dinida muqaddas kitob – Qur’oni karim yoqib yuborilganini yovuz harakat deb atadi va keskin qoraladi. Bu haqda u bugun, 4 iyul kuni toshkentlik saylovchilar bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.
“Ayni vaqtda biz radikalizm va ekstremizmning har qanday ko‘rinishlariga, turli millat va xalqlarning diniy qadriyatlariga nisbatan hurmatsizlik ko‘rsatishga mutlaqo qarshimiz. Jumladan, yaqinda Shvetsiyada sodir etilgan, muqaddas Qur’oni karimni yoqib yuborishdek yovuz harakatlarni keskin qoralaymiz. Yer yuzidagi millionlab insonlarning dinu diyonati, ezgu hissiyotlarini haqorat qiladigan bunday holatlarga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”, degan Shavkat Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 iyun kuni Shvetsiya politsiyasining ruxsati bilan Stokgolm markazidagi Medbor’yarplatsen maydonida aksiya o‘tkazilgandi. Iroqdan kelgan 37 yoshli muhojir Salvan Momika Qur’on sahifalarini yirtib tashladi va uni yoqib yubordi. Shu kuni butun dunyo musulmonlari asosiy diniy bayramlardan biri – Qurbon hayitini nishonladilar. 29 iyun kuni bir guruh iroqliklar musulmonlar uchun muqaddas kitob – Qur’onning yoqib yuborilishiga qarshi norozilik bildirib, Bag‘doddagi Shvetsiya elchixonasiga bostirib kirdi. Iroq hukumati Shvetsiya hukumatidan Qur’onni ommaviy ravishda yoqib yuborgan iroqlik muhojirni ekstraditsiya qilishni talab qildi.