Mirziyoyev Shushada Orban bilan uchrashdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 6 iyul kuni Turkiy Davlatlar Tashkilotining norasmiy sammiti doirasida Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, uchrashuvda O‘zbekiston-Vengriya ko‘p qirrali munosabatlarining dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan. Mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklik va amaliy hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.

“Barcha darajalarda faol muloqotlar davom etmoqda. May oyida Toshkent shahrida qo‘shma Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va biznes forumi samarali o‘tkazildi. Keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi qariyb ikki barobar oshdi, qo‘shma loyiha va korxonalar soni ko‘paymoqda, 30 iyundan Toshkent va Budapesht o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar tiklandi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, sanoat, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, logistika, qurilish va boshqa yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

Investitsiya loyihalarining yangi portfelini tayyorlash va joriy yil yakuniga qadar Qo‘qon shahrida Hududlar forumini o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.

Bildirilishicha, ta’lim, madaniyat va sport sohalaridagi hamkorlik faollashgan. Ikki mamlakat xalqlarini yaqinlashtirishga qaratilgan madaniy tadbirlarni o‘tkazish zarurligi ta’kidlandi.

Turkiy Davlatlar Tashkiloti va Yevropa Ittifoqi doirasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashilgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 5 iyul kuni Shavkat Mirziyoyev Turkiy Davlatlar Tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etish uchun Shusha shahriga borgan va u yerda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev hamrohligida Gavhar Og‘a masjidini ziyorat qilib, bu yerda amalga oshirilgan restavratsiya ishlarining natijalariga baho bergandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Viktor Orban Vengriya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing