Mirziyoyev Sholsni O‘zbekistonga taklif qildi
Jamiyat
−
30 Sentabr 2023
4631Kecha, 29 sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Berlin shahridagi birinchi “Markaziy Osiyo - Germaniya” sammiti doirasida Germaniya kansleri Olaf Shols bilan muzokara o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbatda ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb jihatlari ko‘rib chiqilgan. Jumladan, O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilingan.
“Ishbilarmonlik sohasidagi sheriklikni kengaytirish, iqtisodiyot, investitsiya, transport, energetika va boshqa sohalarda kooperatsiyani chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston rahbarining joriy yil may oyidagi Berlinga rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni faollashtirishga kuchli sur’at bag‘ishlagani ta’kidlandi”, deyiladi Prezident matbuot xizmati xabarida.
Bildirilishicha, keyingi yillarda tovar ayirboshlash va sanoat kooperatsiyasi ko‘rsatkichlari ikki barobar o‘sgan. O‘zbekistonda Germaniyaning Volkswagen, MAN, CLAAS, Siemens, Linde, Aurubis, Henkel, Knauf, Papenburg, Deutsche Kabel va ko‘plab boshqa yetakchi kompaniyalari muvaffaqiyatli ish olib bormoqda.
Shuningdek, tog‘-kon, energetika, kimyo, elektrotexnika, to‘qimachilik sanoati va infratuzilma bo‘yicha yangi loyihalar portfeli shakllantirilgan.
Shavkat Mirziyoyev qo‘shma iqtisodiy tadbirlarni muntazam o‘tkazib borish, muqobil energetikani rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi va suv resurslari boshqaruvini raqamlashtirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash, moliyaviy vositalarni kengaytirish, ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, migratsiya va ko‘chuvchanlik sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha qator aniq takliflarni ilgari surgan.
Bundan tashqari, madaniy-gumanitar almashinuvni rivojlantirish, fan va ta’lim sohalarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani qayd etilgan.
“Mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash yuzasidan, shu jumladan, Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishi nuqtai nazaridan fikr almashildi”, deyiladi xabarda.
Uchrashuv yakunida Prezident Mirziyoyev Germaniya kansleri Olaf Sholsni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga taklif qilgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 29 sentyabr kuni Shols Markaziy Osiyo davlatlari – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston rahbarlari va Turkmaniston Xalq kengashi rahbari bilan uchrashdi va birinchi Markaziy Osiyo-Germaniya sammitini o‘tkazdi. Muzokaralarda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalari ham muhokama qilindi.
LiveBarchasi